Toshkent shahrida yashovchi 61 yoshli fuqaro S.M. ariza bilan murojaat qilib, nomaʼlum shaxs uning bank kartasidan 1 mln 515 ming so‘m pullarini yashirin ravishda o‘zlashtirganligini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Surxondaryo viloyatida yashovchi 27 yoshli fuqaro M.A. sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olindi.
Maʼlum bo‘lishicha, M.A. soxta havola yaratib, uni onlayn kredit yoki “moddiy yordam olish uchun bu manzilga bank karta maʼlumotingizni kiriting” mazmunidagi soxta reklamalar bilan, turli kanal va guruhlarda tarqatib, bank karta boshqaruvini berib qo‘ygan fuqarolarning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan JKning 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)