Janubiy Koreya faollaridan iborat guruh 6-iyun kuni Shimoliy Koreya hududiga havo sharlari uchirgan. Bu haqda Koreya mahalliy nashrlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
![](/static/2024/06/06/rr-iRVMc6n6.jpg)
Manbada aytilishicha, havo sharlari ichiga o‘n minglab varaqalar joylashtirilgan. Ularda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In qattiq tanqid ostiga olingan.
Havo sharlari uchirgan guruhga 2000-yilda Shimoliy Koreyadan qochgan Pak Sang-Xak ismli fuqaro rahbarlik qilgan. U tashkil etgan “Ozod Shimoliy Koreya uchun kurashuvchilar” guruhi ikki mamlakat chegarasidagi Pocheon shahridan 200 ming flayer, K-pop videolari va doramalari yuklangan 5000 ta USB flesh-disklar bilan to‘ldirilgan 10 ta sharni uchirgan.
Havo sharlari ichida 2000 ta 1 dollarlik banknotalar bo‘lgani ham xabar qilingan. Faollar ushbu vositalardan propaganda vositasi sifatida foydalanish mumkinligini xabar qilgan.
Havo sharlari ichida, shuningdek, Shimoliy Koreya rahbari va uning singlisi, oilasi suratlari ham joylashtirilgan. Suratlar ostida tanqidiy mazmundagi so‘zlar yozib qoldirilgan.
“Xalq dushmani Kim Chen In Koreya Respublikasi xalqiga axlat va chiqindi yubordi, lekin biz qochqinlar sizga, Shimoliy koreyalik vatandoshlarimizga, faqat haqiqat va muhabbatni yuboramiz”, — deyilgan suratlar ostidagi izohlarda.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Suk Yol 6-iyun kunidagi nutqida kuch orqali tinchlik o‘rnatish vaʼdasini yana bir bor tasdiqlagan. Bu Shimolni o‘zgartirishga, uning xalqi erkinligi va inson huquqlarini tiklashga hamda pirovardida birlashishga erishishga yordam berishi aytilgan.
Seul rasmiylari, shuningdek, faollarni Shimoliy Koreyaga qarshi har qanday mazmun va ko‘rinishdagi targ‘ibotdan tiyilishga chaqirgan. Hukumatdan mustaqil harakat qilmaslikni so‘ragan.
Avvalroq Shimoliy Koreya janub tomonga 3500 dan ortiq havo sharlar uchirgan edi. Sharlar chiqindi bilan to‘ldirilib, chegara atrofidagi hududlarga yuborilgan. Pxenyan bundan maqsad Janub propagandasiga javob qaytarish ekanini bildirgan.
Shimolning harakatlariga javoban Seul 2018-yilda imzolangan harbiy paktdan chiqishini eʼlon qilgan. Chegara hududdagi targ‘ibot ovoz kuchaytirgichlarini qayta ishga tushirganini hamda demilitarizatsiya zonasi atrofiga harbiylar joylashtirilishini maʼlum qilgan.