Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish va ichki yo‘llarni taʼmirlashdagi talon-torojlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Shahrisabz tumani yo‘llardan foydalanish” UK buyurtmachiligida Ko‘kdala tumanidagi 4 ta mahallaning ichki yo‘llarini joriy taʼmirlashda ishtirok etgan 5 ta pudratchi tashkilot masʼul shaxslari hech qanday ruxsatnomasiz 50,9 ming kub hajmdagi qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,2 mlrd so‘m zarar yetkazgani, shuningdek rasmiy hujjatlarda qazib olish ishlarini sunʼiy ravishda oshirib ko‘rsatib, 847,8 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Shu kabi departamentning Koson tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “I.S.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar “Pudina” MFY hududidagi ichki yo‘lni asfalt qilish uchun Qashqadaryo mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati DUK bilan tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan o‘tkazib berilgan 376,8 mln so‘m byudjet mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)