Toshkent shahrining Uchtepa tumanida xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovuq go‘shtini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan tuman soliq inspeksiyasi hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruvda fuqarolar Sh.K., J.M., J.A. va boshqalar tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan “Xamdost” MFY hududidagi binoda tovuq go‘shtini qayta ishlash sexini tashkil etgan. Sexda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan 4 674 kilo tovuq go‘shtini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)