O‘zbekiston Indoneziya Ayollar imkoniyatlarini kengaytirish va bolalarni himoya qilish vazirligi bilan hamkorlik qiladi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 13-mart kuni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpibayeva Nyu-York shahrida Indoneziya Ayollar imkoniyatlarini kengaytirish va bolalarni himoya qilish masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Islom hamkorlik tashkilotiga (IXT) a’zo davlatlarning tegishli idoralari hamda jamiyatlari ishtirokida xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi o‘rnini kuchaytirish bo‘yicha Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash hamda 12—14-mart kunlari Osiyo ayollar forumida ishtirok etish masalasi muhokama qilindi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Indoneziya Ayollar imkoniyatlarini kengaytirish va bolalarni himoya qilish vazirligi o‘rtasida quyidagi yo‘nalishlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi:
- ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, iqtisodiy, ta’lim, gumanitar, turizm va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga ko‘maklashish;
- xotin-qizlarning jamiyatdagi huquqlari, manfaatlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotdagi rolini oshirishga ko‘maklashish;
- milliy an’analarni asrab-avaylash, oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish;
- xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tadbirlari hamda forumlari doirasida o‘zaro manfaatli masalalarni muhokama qilishda muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va yordam ko‘rsatish kabi masalalarda hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishildi.
Izoh (0)