Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanʼoniy G‘azo sektorida besh oydan ortiq davom etgan sionistlar vahshiyliklariga ishora qilib, Isroil har qancha urinmasin, o‘ziga nisbatan tashqi xavfni tobora kuchaytirayotgani, urushdan keyingi kelajak Falastin xalqiga tegishli ekanini maʼlum qildi. Bu haqda IRNA nashri xabar bergan.
Eron rasmiysiga ko‘ra, hozirda G‘azo jinoyat uyasiga aylanib qolgan. Odamlar hech qanday sabablarsiz otib o‘ldirilmoqda. Global tinchlik va xavfsizlikni saqlashga masʼul bo‘lgan xalqaro tashkilotlar xunrezliklar oldida shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qolmoqda.
“Xalqaro standartlarni, insoniy va global tuzilma va qadriyatlarni ochiqdan-ochiq masxara qilgan sionist jinoyatchilar tomonidan xalqlar oyoqosti qilinishiga xalqaro hamjamiyat yana qancha jim guvoh bo‘lmoqchi?” — degan Kanʼoniy.
Rasmiyga ko‘ra, G‘azodagi bugungi kuchlar nisbati nisbiy bo‘lishi mumkin. Falastin xalqi va ular qurgan jamiyat vayron etilgan bo‘lsa-da, urushdan keyin bu xalqni yorug‘ va porloq kelajak kutadi.
“G‘azo mazlum va yarador bo‘lsa ham, bolalarini ochlikdan o‘lim kutayotgan bo‘lsa ham, o‘zining sabri va buyuk vatanparvarligidan bunyod bo‘ladigan yorug‘ ertangi kunga umidini aslo yo‘qotmaydi”, — degan Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanʼoniy.
Izoh (0)