So‘nggi 20 yilda ko‘p mamlakatlarda giyohvandlik vositalari bilan birga psixotrop va psixofaol moddalarni isteʼmol qiluvchilarning soni oshib bormoqda. Bu haqda IIV matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, aksariyat davlatlarda giyohvandlik ijtimoiy halokat deya eʼtirof etilgan. Ushbu illatning yoshlar orasida ommalashishi ayniqsa xavflidir – birdaniga jamiyatning ham hozirgi kuni, ham kelajagi yo‘qolib, parchalanadi.
Yoshlar o‘rtasida bu illatning ko‘payib ketishini quyidagi hollar bilan tushuntirish mumkin:
- o‘smirlarning har xil narsalarga qiziquvchanligi, tez taʼsirga beriluvchanligi;
- ularning ushbu kasallik tufayli kelib chiqayotgan asoratlarni bilmasligi;
- aholi orasida giyohvand vosita yoki giyohvandlik kasalligi to‘g‘risidagi axborotlarning kamligi va boshqalar.
Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda respublika hududida giyohvandlik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi vositalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar 74 foizga (shu jumladan, talabalar 21 foizga, maktab o‘quvchilari 6 barobarga) oshgan. Narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan giyohvandlik vositalari isteʼmolchilari 60 foizga ko‘paygan.
Izoh (0)