Sanksiya ostidagi shaxslarga O‘zbekiston banklarida hisobvaraq ochish taqiqlanishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi. Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati noto‘g‘ri talqin qilinayotgani yuzasidan rasmiy axborot berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda turli davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari tomonidan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanilishi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda hozirgi zamon voqeligiga aylangan. Biroq O‘zbekistonning milliy qonunchiligida kredit va to‘lov tashkilotlari faoliyatida ikkilamchi iqtisodiy sanksiyalarning qo‘llanilishi bilan bog‘liq xatarlarni tartibga solish va nazorat qilishning huquqiy asoslari mavjud emas.
Bunday sharoitda ushbu xatarlarni har bir kredit va to‘lov tashkiloti o‘zining ehtiyoj va qarashlaridan kelib chiqib belgilamoqda, o‘zi ma’qul ko‘rgan daraja va ko‘lamlarda mijozlarga cheklovlar qo‘ymoqda. Bunday holatlar bank hisobvaraqlari ochish va bank operatsiyalarini amalga oshirishda O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlariga nisbatan subyektiv yondashuvlarga hamda mijozlarning qonuniy huquqlarining buzilishiga olib kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasida kredit tashkilotlari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlarining iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishiga oid yagona talablarni belgilash vakolatini Markaziy bankka berish nazarda tutilmoqda.
“Bu bank sohasida davlat siyosati samaradorligini oshirishga, kredit va to‘lov tashkilotlarining mijozlar bilan ishlashda yaxlit, yagona yondashuv mexanizmini yaratishga, shuningdek, aholi va xalqaro moliya institutlarining mamlakatimiz bank tizimi faoliyatiga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati noto‘g‘ri va haqiqatga mos kelmaydigan tarzda talqin qilinmoqda.
“Shu o‘rinda, ushbu qonun loyihasi hech qanday davlatga qarshi qaratilgan emasligini qayd etish lozim. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida loyihada ko‘zda tutilgan tartib mavjud bo‘lib, uning maqsadi milliy moliya tashkilotlarining o‘zlariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir”, — deya oydinlik kiritadi qo‘mita.
Eslatib o‘tamiz, fevral boshida Markaziy bank boshqaruvining “Banklar va nobank kredit tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingandi.
Izoh (0)