Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning Ukrainadagi “harbiy operatsiya”si maqsadlari o‘zgarmaganini va dolzarbligicha qolayotganini aytdi. U “maxsus operatsiya”ni “urushni to‘xtatishga urinish” deb atadi.
“Maqsadlar o‘zgarmadi, ularning barchasi hammaga maʼlum va dolzarbligicha qolmoqda. Bu demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish, shuningdek, allaqachon Rossiya hududiga aylangan yerlarda yashovchi aholi xavfsizligini ta’minlash, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumlardan himoya qilish, ularning hayotini saqlab qolishdan iborat”, — dedi Peskov konferensiya chog‘ida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2014-yilda Ukraina rasmiylari Donbass respublikasiga qarshi urush boshlagan, Rossiya hozir buni to‘xtatishga harakat qilmoqda. “Urush aynan o‘sha paytda boshlandi. Bu urushni to‘xtatish Ukrainadagi operatsiyaning maqsadlaridan biridir”, — deya taʼkidladi Kreml vakili.
Prezident Vladimir Putin 2022-yil 24-fevralda “harbiy operatsiya” boshlanganini eʼlon qilar ekan, uning maqsadlari Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish, shuningdek, Donbass aholisini Ukraina hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan “genotsid”dan himoya qilish, deb atagandi.
Izoh (0)