Sloveniya tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon G‘arb tomonidan Rossiya Federatsiyasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar yetarli darajada samarali emasligini tan oldi. Bu haqda vazir RND nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Yevropa Ittifoqi sanksiyalari yetarlicha kuchga ega emas: biz sanksiyalarni yanada samaraliroq qilish uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerak, deb o‘ylayman. Sanksiyalar Vladimir Putin jabr ko‘radigan tarzda ishlamayapti. YI davlatlari sanksiyalarni kuchaytirishi kerak. Rossiya mahsulotlari o‘rniga boshqa muqobil mahsulotlarni topish bo‘yicha ko‘proq harakat qilishimiz zarur”, — dedi Fayon. Shu bilan birga, u “Rossiya harbiy mashinasini to‘xtatish uchun yangi choralar topish” kerakligini ham ta’kidladi.
Xuddi shunday fikrni avvalroq Ukrainaning Korrupsiyaga qarshi milliy agentligi sanksiyalar bo‘limi boshlig‘i Agiya Zagrebelskaya ham bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari hozircha samarasiz bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi 24-fevralda Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketini qabul qilishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.
Izoh (0)