Poytaxt hokimligi “Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahar tarkibida Yangi Toshkent tumanini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘ydi.

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining quyidagi taklifi qabul qilinib:
- Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralari o‘zgartirilishi;
- Toshkent viloyati hududidan 19 ming 729,41 gektar, shu jumladan, Yuqori Chirchiq tumanidan 17 ming 323,31 gektar (shundan 11 ming 147,29 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari), O‘rta Chirchiq tumanidan 2 406,1 gektar (shundan 1 758,41 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydonlari Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilishi;
- Toshkent viloyatidan Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilgan yer maydoni, shuningdek, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Istiqbol”, “Darxon”, “Usmonobod”, “Navoiy”, “Jaloltepa”, “Obodon”, “Guliston”, “Bahor”, “Xvan T.G”, “Yashnobod”, “Uch chinor”, “Nurafshon”, “Mirobod”, “Fayziobod”, “A.Yassaviy”, “Baliqchi”, “Yoshlik”, “Tinchlik”, “Iyk-ota”, “Birlik” MFY hududlari hamda “Istiqlol”, “Gulobod”, “O‘zbekiston”, “Navro‘z”, “Qorasuv”, “Oq ovul”, “Ma‘rifat”, “Jumabozor”, “Nurli yo‘l”, “Farovon”, “Yangi hayot”, “Saxovat”, “Qizilsoy” MFY hududlarining bir qismi va O‘rta Chirchiq tumanidagi “Sholikor”, “O‘choqli”, “Bunyodkor”, “Mash‘al” MFY hududlari hamda “Mustaqillik”, “Gulobod”, “Yangiturmush” MFY hududlarining bir qismi hisobidan Toshkent shahri tarkibida umumiy yer maydoni 19 ming 729,41 gektardan iborat bo‘lgan Yangi Toshkent tumani tashkil etilishi mumkin.
Belgilanishicha, chegarasi o‘zgartirilayotgan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi saylov okruglaridan, O‘rta Chirchiq tumanidagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq tumanlari kengashlari deputatlari xalq deputatlari Yangi Toshkent tuman kengashi deputatlari hisoblanadi.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari tarkibidan o‘tkazilayotgan yerlar ularning amaldagi yer fondi toifalari o‘zgartirilmagan holda o‘tkaziladi. Mazkur yerlarni bir toifadan boshqasiga o‘tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zgartirilishiga yoki bekor qilinishiga qadar saqlab qolinadi.
Avvalroq 500 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shahri Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. 18-mart kuni Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent” loyihasi qurilishiga tamal toshini qo‘ygan.
Izoh (0)