Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishdan olingani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Shuhrat Abdurahmonov boshqa lavozimga o‘tishi munosabati bilan amaldagi lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
“Ushbu xabarlar asosga ega emasligini maʼlum qilamiz. Bu borada hech bir yig‘ilish yoki rasmiy hujjatda so‘z yuritilgani yo‘q”, — deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, ayni daqiqalarda viloyat rahbari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va aholi muammolarini hal etish bo‘yicha ish yuritmoqda. Barcha rejalar kun tartibi bo‘yicha davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Andijon viloyati hokimligi viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot bergandi. O‘shanda internetda viloyat hokimi aks etgani iddao qilingan video tarqalishi ortidan, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda hokimning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda obro‘sizlantiruvchi haqoratomuz postlar eʼlon qilingandi.
Izoh (0)