Toshkent shahridagi chorrahalarda tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd qiluvchi kameralar bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab xabarlar tarqalib, haydovchilar orasida norozilik holatlari kuzatilmoqda. YHXX holatlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Unga ko‘ra, mazkur lavha va munosabatlarda keltirilgan holatlar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan o‘rganilib borilmoqda. O‘rganishlar davomida lavha va munosabatlarda keltirilgan holatlarga obyektiv baho berish, yo‘l infratuzilmasi hamda texnik vositalarning holatini qayta ko‘rib chiqish, chorrahalarda yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligining mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzildi.
Bugungi kunda ishchi guruh tomonidan chorrahalarda yo‘l harakati qanday tashkil etilgani (yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari to‘g‘ri o‘rnatilganligi, yo‘l chiziqlari chizilganligi va boshqalar), chorrahalardagi texnik vositalarning holati qaytadan o‘rganib chiqilmoqda.
“Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)