O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti bo‘lim boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushdi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti bo‘lim boshlig‘i 2023/2024-o‘quv yili uchun qabul komissiyasi masʼul kotibi A.O‘. fuqaro J.S.ni ushbu institutga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgani aniqlangan. U o‘z xizmati evaziga 5 ming dollar pora talab qilib, shundan 4,8 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq, Farg‘ona, Andijon, Guliston davlat universitetlari va “Narxoz”ga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga pul olgan shaxslar ushlangani xabar qilingandi. Shuningdek, Andijonda o‘qishga kiritishni vaʼda qilib, 4 ming dollar olgan OTM xodimi qo‘lga olingan edi.
Izoh (0)