Investitsiya vazirligida har bir yangi investorga hamrohlik qilish uchun “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etiladi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, yangi loyihalar hisobidan qo‘shimcha 3 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Bu borada eng katta imkoniyatlardan biri oliy darajadagi xorijiy tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar hisoblanadi. Jumladan, so‘nggi ikki yilda Saudiya Arabistoni, Fransiya, Vengriya, Singapur, Misr, Germaniya, Xitoy, Italiya, Qatar va boshqa davlatlar bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda juda katta kelishuvlarga erishildi.
Investitsiya jalb qilish bo‘yicha Vengriya, Pokiston, Tailand, Chexiya va Yaponiya bilan hamkorlikda ijobiy o‘zgarishlar borligi taʼkidlandi. Ushbu davlatlardan 2022-yili bor yo‘g‘i 40 million dollar investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, 2023-yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 450 million dollarga ko‘paydi. Lekin, Misr, Eron, Ispaniya, Hindiston va Belgiya davlatlaridagi elchilar faoliyatida hali natija ko‘rinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Endi xorijiy kelishuvlar doirasidagi investorlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi taʼkidlandi. Bunda Investitsiya vazirligida har bir yangi investorga hamrohlik qilish uchun investitsiya menejeri lavozimi tashkil etiladi va bevosita vazirga bo‘ysunadi. Ular xorijiy investorlar bilan doimiy aloqada bo‘ladi va kelib tushgan masalalarni hal qilib boradi.
Investitsiya va tashqi ishlar vazirlarining barcha o‘rinbosarlariga investitsiya menejerlari bilan birga shu tizim asosida jami 437 ta investor bilan amaliy ishlarni boshlab, joriy yilning o‘zida qo‘shimcha 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Izoh (0)