O‘zbekistonning eng yirik zavodi “Quvasoysement” AJ sementni omixta maydalashga ixtisoslashgan roller-press va aylana tegirmonidan iborat yangi maydalash stansiyasini o‘rnatishga oid qurilish-montaj ishlarini yakunlamoqda. Stansiyaning ish unumdorligi soatiga 100 tonna sementga teng. Foydalanishga topshirish 2023-yilning kuziga rejalashtirilgan.
Sinoma kompaniyasining yangi uskunasi separator va materiallarni dastlabki maydalashga mo‘ljallangan qurilma bilan jihozlangan bo‘lib, korxonaga sement sifatini yaxshilash, umumiy ish unumdorligini oshirish va qo‘shni mamlakatlarga eksportni kengaytirish imkonini beradi.
“United Cement Group strategiyasiga muvofiq, ‘Quvasoysement’da bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari bir necha yildan buyon davom etmoqda, — deydi ‘Quvasoysement’ AJ bosh direktori Denis Nikitin. — So‘nggi yillar davomida biz eskirgan uskunalarni rejali tarzda almashtirdik, avtoparkni yangiladik, sement changi chiqindilari darajasini kamaytirish uchun yangi filtrlar o‘rnatdik va United Cement Group amal qiladigan yuksak talablarga muvofiq sement tegirmonlarini modernizatsiya qildik. O‘zbekiston sement bozori yetarlicha boy, shuning uchun, mahsulot raqobatbardoshligini oshirish maqsadida mavjud beshta tegirmon hajmini “yopishga” qodir yana bitta, oltinchi sement tegirmonini foydalanishga topshirishga qaror qildik. Bu shuningdek, ko‘priklar, yo‘llar, aeroportlar qurilishi uchun mahsulotga bo‘lgan qo‘shimcha talab bilan ham bog‘liq. Bizga aynan shunday yangi maydalash imkoniyatlariga ega zamonaviy uskuna yetishmayotgan edi”.
Yordamchi va nostandart uskunani tayyorlash bilan “O‘zbekkimyomash zavodi” AJ va “Kvars” AJ korxonalari shug‘ullandi. Montaj ishlarini “Quvasoysement” uskunani yetkazib bergan Sinoma kompaniyasining xitoylik mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirdi. Shuningdek, Köppern nemis kompaniyasi korxonani roller press bilan ta’minladi. Metall konstruksiyani o‘rnatish bilan “Farg‘ona qurilish montaj” korxonasi shug‘ullandi.
So‘nggi yillarda United Cement Group ishtirokida “Quvasoysement” o‘zining maydalash parkini to‘liq yangiladi, ish to‘xtab qolishining oldini olish, sementning yaxshi maydalanishi va korxonaning ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida sement tegirmonlarini modernizatsiya qildi. 2023-yilda “Kvars” shisha zavodi “Quvasoysement” tomonidan sotib olindi va UCG xoldingi tarkibiga kirdi. Zavod rahbariyati fikriga ko‘ra, bunday sanoat uyushmasi qurilish segmentini sement va arxitektura-qurilish shishasi bilan to‘liq ta’minlay oladi.
“Quvasoysement” AJ O‘zbekiston hududida 1932-yildan buyon faoliyat yuritadi va respublika hamda Markaziy Osiyoda sement va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik zavodlardan biri hisoblanadi. Uning ishlab chiqarish quvvati yiliga million tonna sementdan ziyod. “Quvasoysement” mahsulotining asosiy iste’molchilari Farg‘ona va Farg‘ona viloyatidagi sement sotuvchi va iste’molchilaridir. Yaqin vaqtda zavod ishlab chiqarish liniyasini yuqori sifatli raqobatbardosh sement bilan boyitish hisobiga Qirg‘iziston bozorida savdoni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
UCG haqida ma’lumot
United Cement Group (UCG) holdingi — O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda faoliyat yurituvchi Markaziy Osiyoning yirik sement holdingi. Guruh korxonalari eng yuqori sifatli sementning umumiy qurilish va maxsus markalarini ishlab chiqaradi. Ular mintaqadagi tayanch infrastruktura obyektlari qurilishida keng qo‘llaniladi. Guruh biznes o‘sishining yuqori dinamikasini namoyon etmoqda va bunda ijtimoiy masalalar, ekologiya va energiya samaradorligiga alohida e’tibor qaratgan holda barqaror rivojlanishni ko‘zlaydi. UCG zavodlarni mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarining sementga bo‘lgan talabini qondira oladigan zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari sifatida takomillashtirish va xalqaro bozorning yetakchi o‘yinchilariga aylantirish uchun ularni modernizatsiya qilmoqda.
Izoh (0)