“Milan” texnik direktori Paolo Maldini o‘z lavozimini tark etadi.
U bilan birga jamoaning sport direktori Frederik Massara ham ishdan bo‘shaydi.
Janluka di Marsioning xabar qilishicha, klub egasi Jerri Kardinale 5-iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisda menejerlarga lavozimdan ozod etilganlarini ma’lum qilgan.
Calciomercato versiyasiga ko‘ra, Maldini va Massaraning Kardinale bilan kelishmovchilikka borgani bu qaror qabul qilinishiga sabab bo‘lgan. Paolo va jamoa rahbari transfer budjeti masalasida kelisha olmagan.
Ko‘plab manbalarda qayd etilishicha, Maldini yangi futbolchilar jalb qilishga ko‘proq mablag‘ ajratishni so‘ragan. Xo‘jayinlar esa ayni vaqtdagi kamchiqim tizimni saqlab qolishni va shu yo‘sinda davom etishni xohlagan. Shuningdek, hozirgi rahbariyat Sharl de Ketelare davrida sarflangan ulkan mablag‘lar o‘zini oqlamaganini qayd etgan.
Bu hodisa klubda turli reaksiyalarga sabab bo‘lgan. Teo Ernandes, Mayk Menyan, Rafael Leau va Sandro Tonali kabi futbolchilar menejerlarning ishdan olinganidan norozi bo‘lgan.
Uzoq yillar “Milan”da to‘p surgan Maldini 2018-yilning avgustida jamoa rahbariyatida ish boshlagandi.