Toshkent viloyatidagi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida fil tishi va bug‘u shoxlarini olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatib qolindi.
Viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu chegara bojxona posti orqali harakatlanib, xorij davlatidan kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi Cobalt bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Natijada mashina o‘rindig‘i ostiga yashirincha joylangan 1 dona Afrika fili tishi va 180 dona bug‘u shoxlari borligi aniqlangan.
Umumiy qiymati 32 million so‘mlik bug‘u shoxlari va 1 dona fil tishi bo‘yicha hech qanday hujjatlar bo‘lmagan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan.
Maʼlumot uchun, filning barcha turlari va uning tana aʼzolari Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.
Hozirda holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.