Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanida respublika paxta-toʻqimachilik klasterlari rahbarlari bilan muloqot qilmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Davlat rahbari klasterlarning eksportdagi ulushi Namanganda bor-yoʻgʻi 28 foizni (117 million dollar), Andijonda – 31 foizni (176 million dollar) tashkil qilishini aytdi.
“Bu koʻrsatkich Fargʻonada 50 foizdan oshgan (213 million dollar). Yaqinda tekstil korxonalariga eksportni kengaytirish, ularning aylanma mablagʻini koʻpaytarish, quvvatlarni kengaytirish uchun, qoʻshimcha 300 million dollar ajratdik. Shundan, vodiy korxonalariga 100 million dollar aylanma mablagʻ uchun, 20 million dollar ishlab chiqarishni kengaytirishga beriladi.
Shu bilan birga, Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov vodiydagi klaster va fermerlarni qoʻllab-quvvatlash, hosildorlikni oshirish, texnikalar olib berishga yana 100 million dollar qoʻshimcha mablagʻ jalb qilish boʻyicha topshiriq olgan.
Umuman, vodiyda toʻqimachilik mahsulotlari eksportini joriy yil kamida 2,5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha yetarli zaxira bor. Vodiy klasterlari bu marralarni uddalab, qolgan hududlar uchun namuna boʻlishlariga ishonchim komil”, — dedi prezident.