Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshooti yana qayta ishga tushirilishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni Andijon shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
“Afsuski o‘z vaqtida So‘xdagi yerosti gaz saqlash inshooti ayrim sabablar bilan yopib qo‘yilgan edi. Qirg‘izistondagi davlat tashrifi chog‘ida Sadir Japarov bilan bu masalada ham kelishib oldik. Yaqinda energetika vazirimiz Qirg‘izistonga borib, texnik tomonlarini kelishib keladi”, — dedi prezident.
“Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshootining hajmi taxminan 2,5-3 milliard kub metr atrofida. Shundan 1,3 milliard kub metr gazdan foydalanish mumkin, qolgani bufer zonada turadi. Bu degani qish mavsumida vodiyni har kuni 13 million kub metr gaz bilan ta’minlash imkoniyatimiz bo‘ladi”, — degan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mazkur masala yuzasidan O‘zAga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, mazkur inshootning asosiy gaz saqlash qismi Qirg‘iziston hududida joylashgan, kompressorlar esa O‘zbekiston hududida. Shu sababli inshootdan umumiy foydalanish borasida muzokaralar olib boriladi.
“Eng avvalo ishchi guruh barcha texnik va iqtisodiy tomonlarini batafsil o‘rganib chiqadi. Chunki inshootdan ancha yillardan buyon foydalanilmagan, hozirgi holatini yaxshilab o‘rganib chiqishimiz kerak. Shundan so‘ng shartlar kelishib olinadi. Balki bu ijara huquqi asosida bo‘lar, lekin hozircha biror fikr aytishga erta”, — degan energetika vaziri.
Izoh (0)