Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

21-yanvar sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan Qirol uchun gilyotina — Lyudovik XVI ning qatl etilishi, Fransiya qiroli uchun tayyorlangan “Salyera”ning o‘g‘irlanishi hamda tovushdan tez uchadigan yo‘lovchi samolyot — “Konkord”lar taqdiriga oid faktlar o‘rin olgan.

Qirol uchun gilyotina — Lyudovik XVI ning qatl etilishi

1793-yil 21-yanvar kuni Fransiya qiroli Lyudovik XVI gilyotinada qatl etilgandi. 1774-yilda taxtga o‘tirgan qirol mutlaq monarxiya bir necha yil ichida qulashini xayoliga ham keltirmagan edi.

Foto: Public Domain

Foto: Public Domain

1789-yilda bosh ko‘targan parijliklar Bastiliyaga shturm uyushtirgan vaqtda qirol “Axir bu qo‘zg‘olon-ku!”, degandi. “Yo‘q, hazrati oliylari, bu inqilob”, — deya javob qaytargan edi monarxga yaqin insonlardan biri. Inqilobchilar Lyudovik XVI ning rasman hokimiyatdan chetlatilishiga erishmagan. Lekin kundan kunga u o‘z vakolatlarini qo‘ldan chiqara boshlagan. Qirol qarshilik ko‘rsatish irodasini ko‘rsatmagan, uni befarqlik egallab olgan. Shu bilan birga, unga yaqin bo‘lganlar qirol Parijni tark etishi va xavfsiz joyga borib, inqilobga qarshi kurashga boshchilik qilishi kerak deb hisoblagan.

Buni tezda amalga oshirish oson emasdi. Monarxlar oilasi Parijdagi Tyuilri saroyida Jilber Lafayet boshchiligidagi Milliy gvardiya qo‘riqlovi ostida bo‘lgan. Bir tomondan Lafayet Lyudovik XVI hamda uning oilasi daxlsizligi kafolati bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan — ularning barcha harakatlarini nazorat qilgan. Shu sababli qirol hamda uning yaqinlari mavqeyini “imtiyozlarga ega asirlar”, deb atash mumkin edi.

1790-yil sentabrda qirol atrofidagilar uni qochishga tayyorgarlikni boshlashga ko‘ndirgan. Bu orqali monarx qirollik oilasiga sodiq bo‘lgan markiz de Buyening qo‘shinlari joylashgan Monmedi qal’asiga yetib olishni reja qilgan.

Oradan bir yil o‘tgach, 21-iyun kechasi qirollik oilasi yashirin ravishda Tyuilri saroyini uch nafar tansoqchi hamrohligida tark etadi. Qirol mahramlar kiyimini kiyib olgan, biroq uning tashqi ko‘rinishi baribir ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan. Sent-Menu shahrida qirolni pochtmeyster Jan-Batist Drue payqab qolgan. Drue uning qirol ekaniga 100 foiz ishonch hosil qilish uchun Varenn shahri tomon harakatlangan karetaning ortiga tushgan.

Fitnachilarning rejasiga ko‘ra, Varennda qirolni gusarlar (yengil kavaleriya askarlari) bo‘linmasi kutib olishi kerak edi, ularning vazifasi qirolga hamrohlik qilish bo‘lgan. Varenn daryo bilan ikki qismga ajratilgan va gusarlar uning sharqiy qismiga joylashgan, qochoqlar bor kareta esa shaharning g‘arbiy tomoniga kelgan. Lyudovik XVI ga hamrohlik qiluvchilar vaziyatga oydinlik kiritgunga qadar, Drue yetib kelib, trevoga ko‘targan. Milliy gvardiyaning mahalliy qismlari shaharning ikki qismini birlashtirib turuvchi ko‘prikni yopib qo‘yish orqali gusarlarning qirolga yordamga kelishiga yo‘l bermagan. Qochoqlar qo‘lga olinib, Parijga xabar yuborilgan. Gusarlar, shuningdek, yordam so‘rab chopar yo‘llagan. Varennga qirolga sodiq kuchlar yetib kelgunicha, monarx va uning oilasi Parijga qaytarib bo‘lingan.

Foto: Public Domain

Foto: Public Domain

Lyudovik XVI ning qochishi uning holatini sezilarli darajada yomonlashtirgan. Xalq uni xiyonatda ayblab, monarxni sudga berishni talab qila boshlagan. Bundan tashqari, qirolning o‘zi ham inqilobiy parlament qarorlarini tasdiqlashdan bosh tortish orqali bunga sabab yaratib bergan.

1792-yil 10-avgust kuni Milliy gvardiya va inqilobiy federatlar shturm bilan Tyuilri saroyini egallagan. Qonunchilik yig‘ini Milliy konventga almashtirilgan va u 1792-yil 21-sentabrda Fransiyani respublika deya e’lon qilgan. Qirolni sud qilish masala darhol ko‘tarilgan — monarxga chiqariladigan hukm, 10-avgust voqealariga legitimlik berardi.

Lyudovik oilasi bilan birga Tampl qasriga qamalgan va milliy ozodligi hamda davlat xavfsizligiga qarshi qator jinoyatlarni sodir etishda ayblangan. 1792-yil noyabrda o‘tkazilgan tintuvda ichi hujjatlarga to‘la temir shkaf topilgandi. Ayblov versiyasiga ko‘ra, u yerdagi hujjatlar Lyudovik XVI ning migrantlar bilan aloqada bo‘lgan, xorij monarxlari bilan yashirin muzokaralar olib borgani, inqilob yetakchilarini sotib olishni rejalashtirganiga dalil bo‘la olgan.

10-dekabr kuni Milliy konventda qirolga qarshi sud ishi boshlangan. Monarx o‘ziga nisbatan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etgan. Asosiy masala sud unga qanday jazo tayinlashida edi.

1789-yil 15-yanvardan 19-yanvarga qadar ovoz berish jarayonlari o‘tkazilgan. Milliy konventning har bir a’zosi to‘rtta savolga asosli javob qaytarishi kerak edi: fuqaro Lui Kapetning aybdorligi (inqilobchilar qirolni shunday atagan) bo‘yicha, qirolga jazo tayinlashda umumxalq referendumini o‘tkazish, qirolni qatl etish hamda qirolni afv etish ehtimolligi bo‘yicha.

Milliy konventning barcha a’zolari Lyudovik XVI ni aybdor deb topishga ovoz bergan, referendum o‘tkazish taklifi rad etilgan. 16-yanvarda o‘lim jazosini qo‘llashga ovoz berish boshlangan. Deputatlar orasida birdamlik bo‘lmagan, shu bois uning yakuniy qarori qanday bo‘lishini hech kim bilmasdi. Ovoz berishda ishtirok etgan 721 deputatning 387 nafari o‘lim jazosini ma’qullagan, bo‘lsa, 334 nafari bunga qarshi bo‘lgan. Hukmni ijro etish 1793-yil 21-yanvar sanasiga belgilangan.

Foto: Public Domain

Foto: Public Domain

20-yanvar kechasi Lyudovik XVI ga oilasi bilan vidolashishiga ruxsat berilgan. Shundan keyin qirol 02:00 ga qadar rohib bilan gaplashib o‘tirgan, keyin uxlashga yotgan. Erta tong soat 05:00 da uni uyg‘otishgan va qirol kamerdiner yordamida o‘zini tartibga keltirib, yana rohib bilan muloqot qilgan.

Soat 08:00 da Lyudovik XVI munitsipalitet a’zolariga o‘z vasiyatini topshirgan va ofitserlar hamrohligida o‘zining o‘lim hukmi ijro etiladigan karetaga o‘tirgan. Monarxni jallodlar sulolasidan bo‘lgan Sharl-Anri Sanson qalt etishi kerak edi.

Monarx va jallod o‘rtasida bahs yuzaga kelgan. Yangi qatl qurolini tezda o‘zlashtirib olgan Sanson barcha jarayonni ijro etishga g‘oyat katta aniqlikda harakat qilgan. O‘limga mahkum etilganning qo‘li bog‘lanib, doskaga qotirilishi kerak edi. Lyudovik buni haqorat deb qabul qilgan va bo‘ysunishdan bosh tortgan.

Sanson o‘zining olti nafar assistenti bilan kuch ishlatishga tayyor edi. Rohib vaziyatga aralashib, qirolni bunday o‘lim jazosini mardonavor kutib olishga ko‘ndirgan. “Bilganinglarni qilinglar”, — degan qirol.

Baraban sadolari ostida Fransiyaning sobiq qiroli boshi gilyotina pichog‘i ostida qolgan. Sharl-Anri Sanson uni harakatga keltirgan. Lyudovik XVI olomonning “Yashasin inqilob!” deya chinqiriqlari ostida boshidan ayrilgan. Qirolning jasadi umumiy qabrga ko‘milgan. 1893-yil oktabrda uning rafiqasi qirolicha Mariya-Antuanetta ham shunday taqdirni boshidan o‘tkazgan.

Foto: Public Domain

Foto: Public Domain

Umri davomida 2918 ta qatlni amalga oshirgan va qirollik oilasi a’zolarining boshlarini tanasidan judo qilgan Sharl Anri Sanson iste’foga chiqqan va 1806-yili 67 yoshida o‘z o‘limi bilan vafot etgan.

Fransiya qiroli uchun tayyorlangan “Salyera”ning o‘g‘irlanishi

2006-yilning 21-yanvar sanasida Avstriyaning Svetl shahri yaqinidagi o‘rmondan qo‘rg‘oshindan ishlangan quti ichidan 1543-yilda zargar Chellini tomonidan yasalgan “Salyera” haykalchasi topilgan edi.

Foto: Pinterest

Foto: Pinterest

Sslirts fransuzchadan “tuzdon” deya tarjima qilinadi. Stol ustiga joylashtirishga mo‘ljallangan mazkur tilla haykalchani florensiyalik mashhur zargar Benvenuto Chellini 1543-yilda Fransiya qiroli Fransisk I uchun tayyorlagan edi. Haykalchaning usti qisman emal bilan ham qoplangan. Mazkur san’at asari maryerizm davriga taalluqli bo‘lib, dekorativ hunarmandchilik san’atining yuqori cho‘qqisi hisoblanadi.

Avvaliga tuzdonni kardinal Ippolito d’Este buyurtma qilgan. Aynan o‘shanda Chellini Serera va dengiz (Neptun) ramzlarini o‘zida mujassam etgan allegoriya shaklida tuzdonni tayyorlash haqida o‘ylagan. Chellini ushbu g‘oyasi haqida o‘z avtobiografiyasida yozgan, biroq uni fransuz monarxidan 1540-yil boshida kelib tushgan buyurtmadan keyin amalga oshirishga qaror qilgan.

Foto: Pinterest

Foto: Pinterest

Neptun haykali dengiz otlarining ustiga o‘rnatilgan bo‘lib, u tuz joylashgan kema qarshisida joylashgan. Serera (hosil va unumdorlik ma’budasi) esa fil ustiga joylashtirilgan bo‘lib, uning yonida triumfal arka ochilar va u qalampir uchun mo‘ljallangan. Sereraning oyoqlari oldiga samandar o‘rnatilgan. Mazkur jonzot Fransisk I ning gerbidan o‘rin olgan bo‘lib, tuzdon buyurtmachisiga allyuziya hisoblanadi. Tuzdonning asosi obnus yog‘ochidan ishlangan va nur hamda quyosh tomonlari ramzi bo‘lgan to‘rtta putti (bolakay ko‘rinishidagi badiiy obraz) bilan bezatilgan. Asosi yog‘och roliklarga o‘rnatilgan, shunday ekan tuzdonni ko‘tarmasdan, stol ustida siljitish mumkin.

“Salyera” — Chellinining o‘zi tomonidan yaratilgan yagona zargarlik ishi bo‘lib, bu uning qiymatini yanada oshiradi. 1570-yilda qirol Karl IX tuzdonni ersgersoginya Yelizaveta bilan unashtiruvida qirol nomidan qatnashgan Ferdinand Tirolskiyga topshirgan. XIX asrga qadar “Salyera” Insbrukdagi Ambrass qal’asida saqlangan. Venada Tarix san’ati muzeyi tashkil etilgach, tuzdon Avstriya poytaxtiga ko‘chirilgan.

Foto: Pinterest

Foto: Pinterest

2003-yil 11-may kuni “Salyera” ta’mirlash uchun vaqtincha yopilgan muzeydan o‘g‘irlab ketilgan. Mutaxassislar tomonidan haykalcha 50 million yevroga baholangan bo‘lsa-da, Avstriya hukumati tuzdonni qaytargan inson uchun 70 minggina yevro taklif etgan. Bunga san’at asarini baribir yuqori darajada sotish imkoniyati yo‘qligi sabab qilib ko‘rsatilgan. “Salyera” bozor narxining yarmi miqdorida sug‘urta qilingan edi, chunki hech kim shedevrni rostdan o‘g‘irlash ehtimolligini jiddiy qarab chiqmagan.

Muzey ma’muriyati haq bo‘lib chiqqan: 2006-yil 21-yanvar kuni politsiyachilar mashhur haykalchani topishga muvaffaq bo‘lgan. U qo‘rg‘oshindan ishlangan quti ichida Svetl shahri yaqinidagi o‘rmonga ko‘mib ketilgan edi.

Foto: Pinterest

Foto: Pinterest

Tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotlarining taqdiri

1976-yil 21-yanvar kuni “Konkord” avialayneri Londondan Bahraynga uchib, o‘zining birinchi tijoriy reysini amalga oshirgan edi. 2003-yil 24-oktabrda esa tovushdan tez yo‘lovchi samolyotlari davri tugagan — afsonaviy “Konkord” o‘zining oxirgi reysini amalga oshirgandi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

1950-yillarda tovushdan tez uchuvchi harbiy samolyotlar, jumladan, bombardimonchilar paydo bo‘lganidan keyin birdaniga bir nechta davlat bunday texnologiyadan yo‘lovchi aviatsiyasida ham foydalanishni boshlagan. “Konkord”ning ildizlari bir-biridan mustaqil ravishda ish olib borgan ikki guruhga borib taqaladi: Buyuk Britaniyada loyiha ustida Bristol Aeroplane Company kompaniyasi ish olib borgan bo‘lsa, Fransiyada tovushdan tez samolyot loyihasini Sud Aviation ishlab chiqqan.

Ikkala firma ham davlat budjetidan moliyalashtirilgan bo‘lsa-da, tez orada ular o‘z sa’y-harakatlarini birlashtiribgina biror natijaga erishish mumkinligini tushunib yetadi. Natijada 1962-yili hukumatlar o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralardan keyin Concorde (“Kelishuv”) qo‘shma dasturi paydo bo‘lgan. Britanlar kompaniya nomi fransuzcha yozilishidan biroz xafa bo‘lgan, biroq oxir-oqibat ular bunga ko‘nishga majbur bo‘ladi.

“Konkord”ning birinchi prototipi 1969-yili Le Burje aviasalonida taqdim etilgan, oradan yetti yil o‘tgach esa undan tijoriy maqsadlarda foydalanish boshlangan: British Airlines borti Londondan Bahraynga uchgandi.

“Konkord” konstruktorlari ko‘plab murakkab vazifalarni yechishiga to‘g‘ri kelgan. Masalan, turboreaktiv dvigatel tovushdan tez havo oqimi bilan ishlay olmaydi, havo panjaralari tezlikning deyarli barcha diapazonlarida uni sekinlashtirgan. Bundan tashqari, fyuzelyajning juda qizib ketishi ham katta muammoga aylangan va ekipaj hamda avtopilot parvoz vaqtida asosan unga e’tibor qaratishga majbur bo‘lgan. Issiqlik sabab samolyot materiallari naqd 24 santimetrga “uzayib ketgan”.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Loyiha boshidayoq aviakompaniyalarning tovushdan tez samolyotlar haqidagi fikrlari o‘zgarishni boshlagan. O‘sha vaqtda bozorga Boeing 747 samolyotlarini taqdim etgan kompaniya uni yuk tashuvchiga aylantirishga to‘g‘ri kelishi mumkinligidan xavfsiragan. Ammo ikki yildan keyin kompaniya bir necha sabablarga ko‘ra, “Konkord” borasidagi fikrlarini o‘zgartirgan. Birinchidan, o‘rta sinfda uzoq parvozlar tezkor parvozlardan ko‘ra ommalashgan. Ikkinchidan, o‘sha yillari neft inqirozi boshlanib, iqtisodiy jihatdan “Konkord”lar jozibadorligi yo‘qolishiga olib kelgan. Shu bois oldindan berilgan 74 ta buyurtmaning faqat 14 tasi seriyali samolyotga aylangan.

Shunga qaramay, “Konkord” 30 yil davomida uchgan. Uning faoliyati yakunlanishiga 2000-yilda Parij yaqinida sodir bo‘lgan aviahalokat sabab bo‘lgan. Havoga ko‘tarilgan bir necha daqiqa o‘tib, Air France F-BTSC borti Fransiya poytaxti yaqinidagi mehmonxonaga kelib urilgan. Shundan so‘ng “Konkord”lar parvozlari to‘xtatilgan. Keyinroq parvoz sertifikati qayta tiklangan, ammo uning taqdiri hal etib bo‘lingandi — aviakompaniyalar birin-ketin undan voz kechgan.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
Korrupsiya darajasi, iqtisodiy erkinlik indeksi: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
Dunyo
AQSH Yelsinning Ukraina haqidagi bayonotini maxfiylikdan chiqardi
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda frilanserlik: ular qancha maosh oladi va nega ko‘paymoqda?