Tasodif sabab bunyod bo‘lgan oilalar haqida ko‘p eshitganmiz. San’at vakillari orasida ham o‘z juftini tasodifan — sahnada va syomka maydonchasida uchratganlar juda ko‘p. Ularning ba’zilari hayotidagi unutilmas voqea haqida so‘zlab beradi.
Valentina va Muhammadali Abduqunduzov
Muhammadali Abduqunduzov ayoli Valentina bilan Termiz shahridagi Mannon Uyg‘ur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida tanishgan. Valentina Nikolayevna u yerga grimyor sifatida Toshkent teatridan yo‘llanma asosida yuborilgandi. Ular viloyat teatrida tanishib, o‘sha yerda oila qurishgan. Ammo to‘yga aktyorning oila a’zolari qarshi bo‘lgan. Chunki kelinchak u paytlarda o‘zbek tili va urf-odatlarini bilmasdi.
— Termiz teatrida ‘18 yoshligim’ nomli spektaklni sahnalashtirayotgandim. Rahbariyat chaqiruvi bilan Valentina Toshkentdan yordamga kelgan. Chunki u paytlarda viloyat teatrlarida tajribali xodimlar biroz taqchil edi.
Valentina bilan repetitsiya jarayonida uchrashib, asta-sekin o‘rtadagi munosabat muhabbatga aylangan. Avval u islom dinini qabul qildi, undan keyin shar’iy va qonuniy nikohdan o‘tdik. Ayolim o‘zbek tilini umuman bilmasdi, urf-odat va an’analarimiz ham unga begona edi. Ketma-ket ikki o‘g‘il farzandli bo‘ldik. U paytda rus tilini bilmaslik uyat sanalgani, bu tilni bilmaganlar karyera qilolmasligi haqida o‘ylab, farzandlarimni rus maktabiga berishga qaror qilgandim. Ammo ayolim menga qarshi chiqib, o‘g‘illarimizning o‘zbek maktabiga borishlarini istadi. Onasi o‘zbek tilini yaxshi bilmasligi uchun farzandlarim maktabda qiynalishdi.
Albatta, rus qiziga uylanganim onamga yoqmagan. Hayotimdagi bu burilish ham katta nizo va muhokamalarga sabab bo‘lgan. Keyinchalik bolalar ulg‘ayib, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim bilan quda bo‘lganimizdan keyin munosabatlar ancha yumshadi. Oxirgi paytlarda onam qattiq betob bo‘lib, jigar xastaligiga chalinganida ayolim parvarishlab, duolarini oldi. Shukrki, kech bo‘lsa-da, hammasi joy-joyiga tushdi.
Inson o‘zi istamagan odam bilan yasholmaydi. Yashagan taqdirda ham, ularning hayotidan tushunmovchilik va ziddiyatlar arimaydi. Ayolim san’at sohasini yaxshi tushungani uchun ham spektakl yoki kinolardagi muhabbat sahnalarini berilib o‘ynashni maslahat beradi. Agar u boshqa soha vakilasi bo‘lganida, vaziyat aksincha bo‘lishi ham mumkin edi. Chunki o‘rinsiz rashk ijodni sindiradi”, — deydi aktyor Muhammadali Abduqunduzov.
Marina va Rustam Sagdullayev
Aktyor Rustam Sagdullayev turmush o‘rtog‘i Marina bilan 1987-yili “O‘zbekfilm” maydonchasida tanishgan. O‘sha vaqtda “Shok” filmi suratga olinayotgandi. Ularning tanishuvi oddiy do‘stlik munosabatlaridan boshlanib, muhabbatga aylangan. Ularning ikki nafar qizlari bor.
— Rafiqam bilan “O‘zbekfilm” kinostudiyasining tikuv sexida tanishganman. Marina o‘sha vaqtlari tikuv-sexida tikuvchi bo‘lib ishlardi. Keyinchalik harakatchanligi bilan rahbar lavozimigacha ko‘tarildi. Bir kuni kostyum-shimimni qayta tikish uchun sexga bordim. Qizlar biri olib, biri qo‘yib hazil-huzil qilishar, faqat Marina menga e’tibor bermasdi. Ertasiga kelsam, buyurtmam tayyor. Marinaga “Rahmat!” deb chiqib ketayotsam, qizlar shumlik qilib, “Rahmat aytasiz, xolosmi? Boshqa sovg‘angiz yo‘qmi?” deyishdi. Men ham bo‘sh kelishni xohlamay, to‘y, oila haqidagi ilmoqli gaplar bilan javob berdim. Astoydil niyat qilgan ekanman, ko‘p o‘tmay, turmush qurdik. Lekin Marinaning muhabbatini qozonish oson bo‘lmagan.
Marina og‘ir-bosiq qiz edi. U har kuni syomkadan avval va keyin aktyorlarning kiyimlarini bir o‘zi tikuv sexiga olib borardi. Bu kiyimlar og‘ir ekanligini bilganim uchun hamisha uning yonida turardim. Uning ko‘nglidan joy olishim oson bo‘lmagan, — deydi aktyor Rustam Sagdullayev.
Dildora va Jahongir Poziljonovlar
Jahongir Poziljonov turmush o‘rtog‘i Dildora bilan “Boyvachcha” filmining suratga olish jarayonida tanishgan. Dildora o‘shanda bir guruh qizlar bilan filmda kichik epizod rol ijro etish uchun kelgandi. Hozirda juftlikning besh nafar shirindan-shakar farzandlari bor.
— Dildora bilan tanishgan paytimizda Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qirdi. Onam “Qachon uylanasan, katta yigit bo‘lib qolding”, deyaverganlaridan keyin Dildoraning manzilini berganman. Onam bir necha marta sovchilikka borgan. Ammo har gal rad javobini olib kelardi. “Qizimiz hali 4 yil o‘qishi kerak”, deyishgan ekan. O‘shanda dadam mendan “Niyating jiddiymi, shu qizdan boshqasini tanlamaysanmi?” deganda “yo‘q” degandim. Shundan keyin dadam ishga kirishgandi. Dadamning sa’y-harakatlari sabab, tug‘ilgan kunim kuni to‘yim belgilangan.To‘ygacha bo‘lgan kunlarimiz ham qiziqarli voqealarga boy o‘tgan. Men ham Dildora ham pozitiv inson bo‘lganimiz uchun kunimiz faqat xursandchilik bilan o‘tardi, — deydi Jahongir Poziljonov.
Gulsanam Mamazoitova va Sanjar Ahmedov
Gulsanam Mamazoitova sozanda Sanjar Ahmedov bilan oila qurgan. Sanjar Ahmedov O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov bilan to‘y-xizmatlari va konsertlarida qatnashardi. U to‘yda Gulsanam bilan tanishgach, bir oliygohda o‘qishlarini bilishgan.
Oybek va Nigora
Xonanda Oybek va Nigora prodyuserlik kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan kastingda tanishgan. Muxlislar duetdoshlarning oila qurishiga avvaldan ishongandi, ammo xonandalar hamisha buni inkor etardi. 2015-yilning 21-noyabr kuni o‘zbek shou-biznesi tarixida eng uzoq kutilgan to‘y bo‘lib o‘tdi. Xonanda Oybek va Nigora nihoyat oila qurdi. Hozirda ularning 3 nafar farzandlari bor.
— Ijodiy muhit bizni yaqinlashtirgan. Avvaliga shunchaki do‘st edik, ammo duetlarimiz sabab odamlar bizni ancha avval sevishganlar deb hisoblashardi. Biz bunday gaplarni kulib eshitardik, ammo ikkimizda ham birga oila qurish haqida qat’iy fikr yo‘q edi. Uzoq vaqt bir-birimizni sinab, fe’l-atvorimizni o‘rganib keyin oila qurdik, — deydi xonanda Nigora.
Malika va Nurimon Sultonxo‘jayev
Klipmeyker Nurimon Sultonxo‘jayev turmush o‘rtog‘i Malika bilan Aziz Rajabiyning klipi suratga olinayotgan maydonchada tanishgan. Aslida qiz aktrisa emas, hisobchi bo‘lgan. Malika shunchaki qiziqish sabab suratga olish jarayonlarida ishtirok etgan.
— Ayolimni ilk bor ko‘rganimdayoq unga uylanishga qaror qilganman. Uni ko‘rgan kunimning ertasigayoq buvim, onam va xolam bilan sovchilikka borganman. Shu bilan to‘y bo‘lib ketgan. To‘ydan keyin uni kliplarimda rol ijro ettirdim, yana shunday vaziyat bo‘lsa yana ijro etishiga, albatta, imkon beraman, — deydi Nurimon Sultonxo‘jayev.
Sarvar Akbarov va Tatyana Zayseva
2008-yili Tatyana Zayseva “Sharq” guruhiga qabul qilingan. Guruh asoschisi Sarvar Akbarov unga ko‘ngil qo‘yib, 2011-yili u bilan oila qurishga qaror qilgan. Yosh juftlik 2016-yili ota-onalik baxtiga erishgan.
— “Sharq” guruhiga ayol xonanda olish haqida uzoq o‘ylaganman. Har tomonlama o‘rganib, bir to‘xtamga kelishim kerak edi. Chunki guruh vakillarini o‘zgartirish ijodiy muhitga aks ta’sir etadi. Xullas, Tatyana nomzodi nafaqat menga, balki sozandalarga ham ma’qul bo‘lgan. Undan avval jamoadagi yigitlarga “Ishga ishqni aralashtirmanglar”, deb tayinlardim. Ammo qoidani o‘zim buzishga majbur bo‘ldim. Uch yil Tatyanaga yoqtirishimni aytmaganman. Sinab, fe’l-atvorini o‘rganganimdan keyin oila qurish taklifini bildirganman, — deydi xonanda Sarvar Akbarov.
Muqaddas Sa’dullayeva va Yigitali Mamajonov
Aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva turmush o‘rtog‘i aktyor Yigitali Mamajonov bilan 2018-yilda tanishgan. Ularning uchrashuviga “O‘zimizning yigitlar” nomli shou dasturi sabab bo‘lgan. Aktrisa o‘g‘li Abubakrga homilador bo‘lguniga qadar aktyor bilan oila qurganini yashirgandi.
— Ayolim bilan ko‘rsatuv syomkasida tanishganmiz. U paytda menga ham, unga ham qiyin vaziyatda edi. Oilaviy ajrimdan keyingi ruhiy muammolarni yengish uchun vaqt va ruhiy madad kerak. Biz avvaliga bir-birimizga ruhiy ko‘mak berish uchun gaplashganmiz. Keyinchalik munosabatlarimiz jiddiylashgan. Uning sabrli ekanini va aytgan gapimni qonundek qabul qilishini sezganman. Avvaliga oila qurganimizni odamlardan yashirganmiz, ammo o‘g‘lim tug‘ilish arafasida hammasi oshkor bo‘lgan, — deydi Yigitali Mamajonov.
Shohruhxon va Asal Shodiyeva
Shohruhxon va Asal Shodiyevaning nikoh to‘yi ham katta shou-shuvlarga sabab bo‘lgan. Juftlik munosabatlarini uzoq muddat ommadan sir tutgan. Ular 2016-yil oila qurgan. Hozirda yosh oilaning ikki nafar o‘g‘il farzandlari bor.
— Tanishuvimizga “Qo‘shig‘im” klipining syomkasi sabab bo‘lgan. Ungacha u qadar bir-birimizni yaqindan bilmasdik. Syomkadan so‘ng munosabatlarimiz iliqlashgan, — deydi aktrisa Asal Shodiyeva.
Yulduz va Mirkamol Qoraboyev
Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman Jaloliddin” klipi bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Mirkamol Qoraboyev 2020-yilning oktabr oyida aktrisa Yulduz Payziyeva bilan oila qurdi. Ularning tanishuviga serial syomkasi sabab bo‘lgan. Ayni damda juftlikning Rohatxon ismli qizlari bor.
— 2020-yilning avgust oyida serial syomkasiga chaqirishdi. “Yulduz degan qiz partnyoringiz bo‘ladi”, deyishdi. Rosti, u paytda Yulduzni tanimasdim. Aktyor uchun tanimagan, bilmagan partnyor bilan ishlash qiyin. Shu bois, “U qiz bilan til topishib, rolni o‘ynolarmikanman”, deb hayolimdan o‘tkazdim. Eng yomoni Yulduz syomkaga kechikib kelgani uchun jahlim chiqib turgandi, “Assalomu alaykum, uzr, biroz kech qoldim”, dedi. Mana shu gapidan keyin unga hurmatim oshdi. Tarbiyali, shirinso‘z va og‘ir-bosiq bo‘lgani uchun ham unga og‘iz soldim, — deydi aktyor Mirkamol Qoraboyev.
Husan Rashidov va Xurshida Soatova
Rejissor Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” filmida bosh rollarni ijro etgan aktyorlar Husan Rashidov va Xurshida Soatova film taqdimotidan so‘ng oila qurgan. Juftlik suratga olish ishlari boshlanmagunga qadar deyarli bir-birini tanishmagan.
— Asli rejissorlik bo‘yicha tahsil olganman, ammo “Ilhaq” filmida aktyor sifatida ishtirok etganman. Ayolim Xurshida bilan syomka boshlanmasidan avval tanishdik. Chunki u filmda turmush o‘rtog‘im rolini ijro etardi. Xullas, suratga olish maydonchasida ikkimizga ham qiyin bo‘ldi. Hali oila qurmay turib, er-xotinning bir-biriga bo‘lgan muhabbatini ko‘rsatib berishimiz kerak edi. U hech qachon mashhur aktrisaning nabirasi ekanini aytmasdi, buni tasodifan bilib qolganmiz. Suratga olish jarayonida munosabatlar chuqurlashib, to‘y qilinishiga sabab bo‘lgan, — deydi rejissor Hasan Rashidov.
Madina Nigmatullayeva va Mahmud Tursunov
“Jurnalist” va “Omonat” seriallari orqali tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Madina Nigmatullayeva serial syomkasida aktyor Mahmud Tursunov bilan tanishgan. Ularning oila qurishiga “Omonat” seriali sabab bo‘lgan desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirda yosh juftlikning Bibiniso ismli qizlari bor.
Asal Abdullayeva va Jahongir Xo‘jayev
Jahongir Xo‘jayev turmush o‘rtog‘i Asal Abdullayeva bilan bir institutda tahsil olgan va uni ko‘rsatuviga ikkinchi boshlovchi sifatida qabul qilgan. Do‘stona munosabatlar chuqurlashib, 2022-yili oila qurdi.
— Tanishishimiz ham qiziq bo‘lgan. “Dance” degan ko‘rsatuvga qiz bola boshlovchi kerak bo‘lib qoldi. “Diyor bilan boshlovchilik qilaman” desam, Aziz aka “qiz bola boshlovchi toping”, dedilar. Bir qizni tanirdim, rasmini ko‘rsatib “shu qiz bor”, dedim, u vaqtda kichkina qizcha edi. U tasdiqlandi va ko‘rsatuvni birga olib bordik. Asalning xarakteri yaxshi, gap uqadigan qiz bo‘lgani uchun unga bee’tibor bo‘lmaganman. Tanishib, bir-birimizni bilib, shu kungacha yetib keldik, — deydi Jahongir Xo‘jayev.
Marjona Mirzaaliyeva va Tohir Abdullayev
“Qodirxon” orqali tomoshabinlarga tanilgan Marjona Mirzaliyeva serial rejissori Tohir Abdullayev bilan oila qurdi.
— Turmush o‘rtog‘im bilan to‘ydan avval do‘st bo‘lganmiz. Hatto, to‘yga qadar bir kun ham “siz” deb murojaat qilmaganman. Uning ham menga nisbatan ishqiy munosabatda ekanligi sezilmagan. Xullas, to‘ydan avval uyimizdan sovchilarning qadami uzilmay qoldi. Bu haqida Tohir akaga aytsam, “Yur, seni bir joyga olib boraman”, dedi. Hayron bo‘lib mashinaga o‘tirdim va u meni bo‘lajak qaynonam bilan tanishtirdi. “Tanishing, bu keliningiz, unga uylanmoqchiman”, degani men uchun kutilmagan “syurpriz” bo‘ldi. Hammasi ana shunday keyin boshlandi. Sovchilarga rozilik berishgach, “siz” deyishni mashq qildim, — deydi aktrisa Marjona Mirzaaliyeva.
Mavzuga doir:
Izoh (0)