Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Koroskon shaharchasida xorijiy sayyohlar uchun ham qiziqarli manzilga aylanishga ulgurgan xususiy muzey faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev hikoya qilmoqda.
Muzeyga 2021-yil may oyida Jamoliddin Nizamov tomonidan asos solingan. Hozir bu yerda 700 dan ortiq noyob eksponat saqlanmoqda.
“Muzeyimiz matbuot, milliylik va texnika bo‘limlaridan iborat. Matbuot bo‘limida 2 mingga yaqin kitob va gazeta-jurnallar bor. Milliylik bo‘limida qadim o‘tmishimizga oid osori-atiqalar, jumladan, 18-asrga mansub Qo‘qon arava, kiyim-kechaklar, uy-ro‘zg‘or buyumlari joylashgan. Texnika bo‘limidan esa o‘ndan ortiq avtomobil va mototsikllar, radio va televizorlar, telefon apparatlari o‘rin olgan. Bo‘limlarimiz muntazam ravishda yangi eksponatlar bilan boyib boradi. Chunki rahbarimiz o‘tmishga juda qiziqadigan, tinib-tinchimas inson”, — deydi muzey xodimi Hilola Qoraboyeva.
Hilolaning aytishicha, muzey yaratilishiga antikvar avtomobillar jamlanmasi turtki bo‘lgan. Ular bilan bog‘liq qiziq tarix ham bor.
“Muzeyimizdagi 1961-yilda ishlab chiqarilgan GAZ-21 avtomobiliga Toshkentdan xaridor chiqdi. U o‘zining yangi Gentra avtomobilini shu mashinaga almashtirmoqchi bo‘ldi. Biz u kishiga eksponatlarimiz sotilmasligini tushuntirdik”, — deydi Hilola Qoraboyeva.
Namangandagi xususiy muzeydan o‘rin olgan buyum-jihozlar, mahsulotlar noyob va rang-barangligidan ko‘z quvnaydi. Bu yerda 1939-yilda ishlab chiqarilgan televizor va shu yilga mansub choyni ko‘rib, hayratimizni yashirolmadik.
Muzey numizmatika namunalariga ham boy: bu yerda xonlik davrlari tangalaridan tortib yaqin o‘tmishdagi pul birliklarigacha bor.
Eski partalarga o‘tirib, siyohdon va peroga ko‘zingiz tushib, o‘zingizni xuddi o‘tgan asrdagi maktablarga bir zum qaytgandek his qilasiz.
“Muzeyimiz doim tashrif buyuruvchilar bilan gavjum. O‘quvchilar va talabalar ko‘pincha tarix darslarini shu yerda o‘tishadi, qo‘shni viloyatlar, hatto xorijdan keladigan mehmonlar ko‘p”, — deydi Hilola Qoraboyeva.
Biz muzeydan reportaj tayyorlayotgan payt ulardan biri — yaponiyalik Matsuko va uning tarjimoniga ko‘zimiz tushdi. Matsuko sanning aytishicha, u AQSH, Yaponiya va Rossiyadagi muzeylarda ko‘p bo‘lgan, biroq bu qadar fayzli va boy xususiy muzeyga shu paytgacha duch kelmagan ekan. Biz ham uning fikriga qo‘shildik.