O‘zbekiston prezidenti huzurida Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tashkil etildi.
Ushbu institut
- prezidentning huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, Prezident Administratsiyasi, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari bilan yaqin hamkorlikda respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
- qonun loyihalarini ishlab chiqish va parlamentga kiritish bo‘yicha dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishni, qonun loyihalarini Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqish va qabul qilishning barcha bosqichlarida ularning o‘tishini monitoring qiladi, shuningdek, Prezident Administratsiyasiga kiritiladigan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan ularning davlat huquqiy siyosatiga muvofiqligini hamda ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarning borishiga ta’sirini kompleks tarzda baholagan holda asoslantirilgan ekspertlik fikrlari va xulosalarini tayyorlaydi;
- qonunchilik hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazadi va amalga oshirilishini monitoring qiladi, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
- O‘zbekistonda huquqiy siyosatni amalga oshirish, konstitutsiyaviy va davlat qurilishi sohalarida olib borilayotgan fundamental va amaliy tadqiqotlarni umumiy muvofiqlashtiradi.
Institutga quyidagi sohalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazish yuklatiladi:
- ma’muriy islohotlar o‘tkazish sharoitida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishning huquqiy muammolarini o‘rganish;
- konstitutsiyaviy islohotlarning siyosiy-huquqiy ustuvor yo‘nalishlari va uni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish (davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish);
- normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bosqichida ularning tartibga solish ta’sirini baholash tizimini maqbullashtirish orqali “aqlli tartibga solish” loyihasini joriy etish;
- korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy muammolarini o‘rganish.