Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida yashovchi Kamol ismli yigit Termiz shahrida yigitlik burchini o‘tayotgan vaqtda vafot etib, uyiga o‘lik holda qaytgan. Bu haqda qashqadaryolik bloger Azizbek Yazdurdiyev o‘zining shaxsiy Telegram kanalida xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yigitning jasadi bugun, 15-noyabr kuni o‘zi yashovchi “Gulshan” mahallasidagi xonadoniga olib kelingan.
Harbiy xizmatni o‘tayman deb Surxondaryoga ketgan qarshilik bola haqidagi voqeani eshitib, odamning ko‘ngli notinch bo‘lib qoldi. Avval ham Qashqadaryoda xizmat o‘tayotgan 18 yashar bola vafot etgandi. Yakun nima bo‘ldi, nima qo‘ydi? Hech kim aytmadi, — deydi bu haqda axborot bergan bloger Azizbek Yazdurdiyev.Blogerning “Daryo”ga qo‘shimcha qilishicha, marhum yigit harbiy orkestrda xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.
Ikki kun ilgari uydagilariga qo‘ng‘iroq qilib, pul kerakligini, uzoqroq joyga ketishayotganini aytgan ekan. Rahmatli qo‘li gul sartarosh, musiqa asboblarini chala oladigan darajada san’atkor yigit edi, — deydi Azizbek.Blogerning qo‘shimcha qilishicha, marhumning janozasi ertaga, 16-noyabr kuni o‘zi yashagan hudud — “Gulshan” mahallasidagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq ham Qashqadaryoda shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lib, 18 yoshli yigitning uyiga o‘lik holda qaytgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.