Xersondan chekinishdan avval Rossiya qo‘shinlari shaharda bir qancha infratuzilma obyektlarini portlatib yuborgan. Bu haqda Xersonning “Most” nashri mahalliy aholiga tayanib xabar bermoqda.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Xersonda bir nechta qozonxona va “viloyat energiya obyekti” portlatilgan. Shuningdek, teleminora yonida joylashgan televizion markaz ham portlagan. Teleminoraning o‘ziga zarar yetmagan, deb yozgan “Most”. Ammo keyinroq u ham vayron bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.
Xersonda infratuzilma obyektlari portlatilganini Ukraina tomoni ham, Rossiya tomoni ham rasman tasdiqlagani yo‘q.
10-noyabr kuni ertalab Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak “Rossiya Xersonni ‘o‘lim shahri’ga aylantirmoqchi” ekanini aytdi. “Rossiya harbiylari mumkin bo‘lgan hamma narsani: kvartiralarni kanalizatsiyani minalashtirmoqda. Chap qirg‘oqdagi artilleriya shaharni vayronalarga aylantirishni rejalashtiryapti”, — deya da’vo qildi Podolyak.
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu qo‘shinlarni Xerson viloyatining o‘ng qirg‘oqbo‘yidan olib ketishni 9-noyabr kuni buyurgan edi. Ertasi kuni Ukraina qurolli kuchlari Xerson viloyatida olg‘a harakatlanayotganini ma’lum qildi. O‘z navbatida “Vagner” guruhiga aloqador deb hisoblaniladigan Rossiyaning Grey Zone Telegram-kanali Xersonda ilk ukrain bo‘linmalari paydo bo‘lgani haqida xabar berdi.