AQSH Savdo vazirligi Rossiyadan bozor iqtisodiyotiga ega mamlakat maqomini olib qo‘ydi. Bu haqda Reuters idora bayonotiga tayanib xabar bergan.
Bundan qaror Rossiya iqtisodiyotiga davlatning “keng ko‘lamda” aralashuvi tufayli qabul qilingan va ushbu aralashuvlar natijasida yuzaga kelgan “bozorga oid xatoliklarni bartaraf qilish uchun AQSH antidemping (nohalol raqobatga qarshi kurash) qonunchiligini qo‘llash” imkoniyatini beradi, deyiladi vazirlik xabarida.
AQSHda bozor iqtisodiyotiga ega mamlakat maqomiga ega bo‘lish uchun davlat Amerikaning 1930-yilda qabul qilingan tariflar to‘g‘risidagi qonunida qayd etilgan muayyan mezonlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Rossiya 2002-yilda AQSH tomonidan bozor iqtisodiyotiga ega mamlakat deb tan olingan. Shunday maqomi bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan Amerikaning bir qator tashqi savdo cheklovlari amal qilmaydi. Masalan, ularga nisbatan antidemping bojlarini joriy qilish qiyinroq. Bundan tashqari, Rossiya 2012-yilda Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishida uning bozor iqtisodiyotiga ega mamlakat maqomi muayyan o‘ringa ega bo‘lgan.
2021-yilda AQSH Savdo vazirligi qariyb 20 yil ichida birinchi marta Rossiyani bozor iqtisodiyotiga ega mamlakat maqomidan mahrum qilish imkoniyatini ko‘rib chiqqan, biroq oxir-oqibat bu maqom tasdiqlangan edi.