AQSH Federal hokimiyati uch kishini, jumladan magnit sanoatida dunyoda yetakchi bo‘lgan Quadrant kompaniyasi prezidenti Phil Paskoeni Xitoyga nazorat ostidagi harbiy ma’lumotlarni yuborishda ayblab hibsga oldi. Bu haqda UPI xabar berdi.
Ayblanuvchilar va Kaliforniya muhandislik firmasi Osiyo mamlakatida joylashgan kompaniyaga qurol eksportini nazorat qilish to‘g‘risidagi qonun va xalqaro qurol savdosi qoidalarini buzgan holda 70 ga yaqin texnik ma’lumotlar chizmasini yuborganlikda ayblanmoqda.
Federal prokurorlarga ko‘ra, chizmalar AQSHning ikki kompaniyasiga tegishli va samolyotlar, suvosti kemalari, radarlar, tanklar, minomyotlar, raketalar, infraqizil va termal tasvirlarni nishonga olish tizimlari hamda Mudofaa vazirligining yong‘inni boshqarish tizimlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, ayblovda Quadrant Xitoydagi kompaniyadan noyob magnit elementlari import qilgani va u AQSHning ikkita kompaniyasiga sotilgani keltiriladi. Bu elementlar Pentagonga F-16 va F-18 jangovar samolyotlari va boshqa harbiy texnikalar uchun sotilgan komponentlarda ishlatgan.
Federal prokurorlarning ta’kidlashicha, Mudofaa vazirligiga sotiladigan bunday qurilmalar AQSHda yoki tasdiqlangan mamlakatda ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak. Xitoy esa bunday mamlakatlar qatoriga kirmaydi. Shu tariqa, federal prokurorlar Quadrant’ni mudofaa sotib olish qoidalari tizimini buzganlikda aybladi.
Uch nafar ayblanuvchining har biri firibgarlik, texnik ma’lumotlarni litsenziyasiz eksport qilish va AQSHdan kontrabanda tovarlari olib o'tishda ayblangan, ularning har biri 10 yildan 30 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida AQSH Xitoyga yarimo‘tkazgichlar eksportini cheklashni rejalashtirayotgandi. Bayden ma’muriyati oktabr oyida Xitoyga chiplar va sun’iy intellekt vositalari ishlab chiqarish uchun zarur yarimo‘tkazgichlarni eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni kengaytirishi ma’lum bo‘lgandi.
AQSH 2020-yilda Xitoy kompaniyalariga Amerika texnologiyasini sotishni cheklay boshladi. Ular orasida Semiconductor Manufacturing International Corp. va Hangzhou Hikvision Digital Technology Co. kabi firmalar bor. Bu chora firmalarning o‘sish sur’atlarini cheklab qo‘ydi, biroq ishlab chiqarishni rag‘batlantirdi, jumladan yirik G‘arb kompaniyalari xitoylik ishlab chiqaruvchilarga qiziqish bildira boshladi, deb yozadi Bloomberg.