AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan muzokaralar masalasida Ukrainaga bosim o‘tkazmasligi, balki Kiyevga shunchaki maslahat va yordam berishini ta’kidladi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.
“Biz Ukrainaga bosim o‘tkazmaymiz. Biz qiladigan ish — hamkor sifatida maslahat berish va qo‘llab-quvvatlash”, — deya jurnalistlarning AQSH Ukrainani Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini olib borishga undayaptimi qabilidagi savoliga javob berdi Sallivan.
Sallivanning qo‘shimcha qilishicha, hozirda u Kiyev va Moskva o‘rtasida qandaydir muzokaralar bo‘lishi ehtimolini baholashga tayyor emas.
Sentabr oyi oxirida, Rossiyaga yangi hududlar qabul qilingandan so‘ng, Zelenskiy Putin rahbarligi davrida Ukraina Rossiya bilan hech qanday muzokaralar olib bormasligini ma’lum qilgan edi. Rossiya hukumati Ukraina bilan muzokaralarga tayyorligini bir necha bor e’lon qilgan. 7-noyabr kuni prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevning pozitsiyasi tufayli muloqotga imkoniyatni hali ko‘rmayotganini bildirdi. Ukrainadan farqli ravishda Rossiya muzokaralar uchun hech qanday shartga ega emas. 8-noyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Kremlning hech qanday shartlari yo‘qligini, faqatgina Ukraina xayrixohligi ko‘rsatishi zarurligini ta’kidladi. 9-noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova yana bir bor Rossiya “joriy vaziyatni hisobga olgan holda” muzokaralar uchun ochiqligini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti ofisi vakili Mixail Podolyak esa muzokaralarni “Kremlning ultimatumlarini tan olish” deb atab, qarshi tomonni “so‘z o‘yinini to‘xtatishga” chaqirdi va Putinning muzokaralarni istashi borasidagi gap-so‘zlarni illyuziya deb atadi.
Izoh (0)