Belarus prezidenti Aleksand Lukashenko xavfsizlik masalalariga oid yig‘ilishda ma’lum qilishicha, u “Ittifoq davlatining g‘arbiy chegaralarida vaziyat keskinlashgani munosabati bilan” Vladimir Putin bilan qo‘shma mintaqaviy qo‘shin guruhlarini kuchaytirish haqida kelishib olgan. Bu haqda “BelTA” xabar bermoqda.
“Bularning barchasi bizning hujjatlarimiz bo‘yicha. Agar xavf darajasi hozirgidek ko‘rsatkichga yetsa, biz Ittifoq davlati guruhini ishga tushirishni boshlaymiz. Ushbu guruh asosi — bu Belarus Respublikasi armiyasi, qurolli kuchlari”, — dedi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, guruhni shakllantirish ikki kundan buyon davom etmoqda.
Shuningdek, Lukashenko Ukraina Belarus hududiga zarbalar berishni rejalashtirayotgani haqida yana bir marta ma’lum qildi — Minsk bu borada “norasmiy kanallar orqali” ogohlantirilgan.
Uning fikricha, bunday zarba “harbiylar nuqtai nazaridan tentaklik bo‘lgan bo‘lardi”, lekin “jarayon boshlangan”. “Agar ular iflos qo‘llari bilan Belarus hududining bir metriga ham teginadigan bo‘lsa”, yaqinda Qrim ko‘prigida bo‘lgan portlash “hech gap bo‘lmay qoladi”, deya ogohlantirdi Lukashenko.
Ittifoq davlati
Rossiya va Belarus Ittifoq davlati 2000-yil yanvaridan buyon mavjud bo‘lib kelmoqda. Ittifoq ishtirokchilari umumiy parlament va konstitutsiya, yagona valyuta yaratishni muhokama qilgan, ammo bunday bitimni qabul qilmagan. 2019-yilda Rossiya tashabbusi bilan muzokaralar qayta boshlandi, 2021-yilda esa tomonlar Rossiya va Belarusning integratsiyalashuviga qaratilgan 28 ta ittifoq dasturlarni kelishib oldi.Belarusning Rossiya-Ukraina nizosiga munosabati
Rossiya Ukrainada 24-fevraldan buyon maxsus operatsiya olib bormoqda. Lukashenko Belarus nizoda qatnashmayotganini va qatnashishni rejalashtirmayotganini bir necha marta ta’kidlagan. “Tag‘in meni qandaydir hujumni rejalashtiryapti, Ukrainani Belarus hududidan bombardimon qilmoqchi deb o‘ylamang. Sizning va mening farzandlarimiz jang qilishini hech ham istamayman. Ular nimani deb jang qilishi kerak?” — degan edi u avgustda.Sentabrda Lukashenko Belarus o‘z hududi orqali Rossiya armiyasiga yashirincha zarba berilishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. Keyinroq esa u Belarus hech kimga hujum qilmaganini va hujum qilmasligini aytdi va Ukrainada qon to‘kilishini to‘xtatish uchun hamma chorani ko‘rishga va’da berdi.
Keyinroq Aleksandr Lukashenko Belarus Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashayotganini, ammo o‘z harbiylarini ziddiyat hududiga yubormayotganini aytdi. “Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyadagi ishtirokimizga kelsak, biz unda qatnashyapmiz. Buni yashirmayapmiz. Lekin biz hech kimni o‘ldirmayapmiz. O‘z harbiylarimizni hech qayerga yubormayapmiz. Biz o‘z majburiyatlarimizni buzmayapmiz”, — dedi Lukashenko.