Tojikistonning Qirg‘izistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nazirmad Alizoda 8-oktabr kuni ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga taklif qilindi, bu haqda Qirg‘iziston TIV xabarida aytiladi.
“Tojikiston tomoniga Qirg‘iziston TIV matbuot kotibi Chingiz Kustebayevning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy izohi yuzasidan bildirgan rasmiy noroziligi o‘rinsiz ekanligi bildirildi”, — deyiladi xabarda.
“Qirg‘iziston Respublikasi demokratik davlat hisoblanadi va mamlakat asosiy qonuniga muvofiq, har bir fuqaro o‘z fikrini erkin bildirish huquqiga ega. Tojikiston tomonidan tanlangan destruktiv yondashuv mahsuldor emas hamda tinchlik va xotirjamlikni saqlash imkonini bermaydi”, — deya ta’kidlanadi TIV xabarida.
Shuningdek, Qirg‘iziston Tojikiston tomonidan toqatsizlik va millatlararo dushmanlik kayfiyatini yuzaga keltirmaslikni talab qildi hamda uni imzolangan bayonnomalar doirasida o‘z majburiyatlarini halollik bilan bajarishga chaqirdi.
Undan bir kun avval, 7-oktabr kuni Tojikistondagi Qirg‘iziston elchisi respublika TIVga chaqirilib, unga Qirg‘iziston TIV matbuot kotibining izohlari yuzasidan norozilik notasi topshirilgandi.
Idora “Tojikiston tomoni Qirg‘iziston TIV matbuot kotibining bunday turdagi gaplarini siyosiy madaniyatning yemirilishi va oddiy diplomatik axloqning yo‘qligi belgisi sifatida baholaydi”, — dedi.
“Qirg‘iziston TIV rasmiy vakilining izohlari mamlakatning Tojikistonga nisbatan quroli tajovuzining asl sabablari haqidagi yolg‘on taassurotlarni jamoatchilik ongiga singdirishga bo‘lgan beo‘xshov urinishlar hisoblanadi”, — deyilgandi xabarda.
Bishkekning noroziligi sababi
O‘tgan hafta Vladimir Putin Emomali Rahmonni “Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun” III darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotladi.Bu Bishkekda norozilikka sabab bo‘ldi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chingiz Kustebayev shundan keyin darhol Facebook’dagi sahifasida Tojikiston rahbariyatining xatti-harakatlari“Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikka putur yetkazayotgani” haqida yozdi. Va uning mukofotlanishi “asosli ravishda taajjubni keltirib chiqarishi”ni aytdi.
Shuningdek, qirg‘izistonlik deputat Jenishbek Toktorbayev Facebook’dagi sahifasida Putinga murojaat qoldirdi. “Biz, Qirg‘iziston xalqi tushuna olmayapmiz, Tojikistonning Qirg‘izistonga tajovuzkor qurolli hujumidan keyin, agressorni nima uchun medal bilan taqdirlayapsiz?” — deb yozdi u.