Ukraina nazorati ostidagi Zaporojye shahri 10-oktabrga o‘tar kechasi keng ko‘lamda o‘qqa tutildi. Bu haqda Zaporojye viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Starux ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharga 10 ga yaqin raketa zarbasi berilgan. Hujum oqibatida yana bir ko‘p qavatli turar joy binosi vayron bo‘lgan. Voqea joyida qutqaruvchilar va shifokorlar ishlamoqda.
O‘z navbatida, Zaporojye shahar kengashi kotibi Anatoliy Kurtevning aytishicha, bir nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Yana besh kishi, jumladan, bir bola jarohatlangan. Kurtev, shuningdek, zarbalardan vayron bo‘lgan uyning fotosuratlarini e’lon qildi.
Ukraina hukumati hujumda Rossiya harbiylarini ayblamoqda.
Bu so‘nggi bir hafta ichida Zaporojyedagi yashash joylarining uchinchi marta o‘qqa tutilishi. Shahar 6 va 9-oktabr kunlari ham o‘qqa tutilgan edi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushning 228-kun yakunlariga bag‘ishlangan videomurojaatida 3-oktabrdan beri Zaporojyega qilingan hujumlar oqibatida kamida 43 kishi halok bo‘lganini aytdi.