Farg‘ona shahrida Fergana City majmuasi qurilmoqda, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov.
Qayd etilishicha, savdo markazi, ko‘ngilochar maskanlar, yashil maydonlar hamda turar joylardan iborat majmua loyihasi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.
Hozirda loyiha qiymati 77 milliard so‘m bo‘lgan 6 qavatli savdo markazi hamda umumiy qiymati 120 milliard so‘m bo‘lgan 6 ta 9+1 qavatli uylar qad rostlamoqda.
Ikkinchi bosqichda 7 qavatli biznes markazi hamda Hi-Tech uslubidagi 11 ta ko‘p qavatlar uylar barpo etiladi.
Savdo markazida supermarket, texnika va maishiy mollar do‘konlari, franshiza asosida faoliyat ko‘rsatuvchi brend butiklar, ovqatlanish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan food court, zamonaviy fitnes-klub, kinoteatr hamda yuqori qavatida ochiq osmon ostidagi restoran faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Majmua hududi to‘la kamera nazoratida bo‘lib, uning yashillik bilan qoplangan hovlisidan workaut bolalar hamda basketbol maydonchalari, 300 avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh ham o‘rin oladi.
Izoh (0)