KXDR 4-oktabr kuni ertalab Yaponiyaga qarata ballistik raketa uchirdi, u Xokkaydo prefekturasi ustidan uchib o‘tib, Tinch okeaniga quladi. Bu haqda NHK xabar bermoqda. Shundan keyin Yaponiya hukumati havo trevogasini e’lon qilib, osmondan raketa bo‘laklari tushishi ehtimoli haqida ogohlantirdi. So‘nggi marta KXDR raketasi Yaponiya hududidan uchib o‘tishi 5 yil avval sodir bo‘lgandi.
KXDR tomonidan uchirilgan raketa kuzatuvlar tarixida birinchi marta 4600 km masofani bosib o‘tgan. Bu haqda Yaponiya mudofaa vaziri Yasukadzu Xamada brifing chog‘ida ma’lum qildi.
“Shimoliy Koreya tomonidan uchirilgan ballistik raketa o‘rta yoki undan ko‘proq masofali ballistik raketalar sinfiga taalluqli. Bundan tashqari, shu narsa ma’lum bo‘ldiki, parvozning taxminiy uzunligi, uchish nuqtasidan qulash nuqtasigacha bo‘lgan masofa qariyb 4600 kilometrni tashkil qilgan, bu uni tarixdagi eng uzoq parvozga aylantiradi”, — dedi vazir.
Ayni vaqtda, Janubiy Koreya Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya raketasi taxminan 4500 km masofani bosib o‘tib, 970 km balandlikkacha chiqqan va tezligi esa 17 Maxga yetgan, bu tovush tezligidan 17 marta katta demakdir.
KXDR tomonidan uchirilgan raketa so‘nggi ikki hafta ichidagi beshinchisi bo‘ldi. Oxirgi marta Pxenyan 1-oktabr kuni ikkita kichik masofali ballistik raketa uchirgandi. Ularning ikkalasi ham Yaponiya iqtisodiy zonasidan tashqariga, KXDR sharqiy sohillari yaqiniga qulagan.
Izoh (0)