Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Qirg‘izistonning Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Botken viloyatida favqulodda vaziyat rejimi e’lon qilindi, deb yozadi “RBK”. U yerdan ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyat tufayli mahalliy aholi evakuatsiya qilinmoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Foto: “RIA Novosti”

“Fuqarolar himoyasi rahbari, vakolatli shaxs Abdikarim Alimbayevning 2022-yil 16-sentabrdagi buyrug‘i asosida Botken viloyati hududida favqulodda vaziyat rejimi joriy qilindi”, — deyiladi Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.

Ikki davlat o‘rtasidagi nizo 16-sentabrga o‘tar kechasi keskinlashdi. Qirg‘iziston Botken viloyatining Botken va Laylak tumanlariga, shuningdek, O‘sh viloyati, Tojikiston esa So‘g‘d viloyatining Isfara va Gafurov tumanlariga zarbalar berilganini ma’lum qildi.

17-sentabr holatiga ikki mamlakat chegarasidagi vaziyat keskin bo‘lib qolmoqda. Bishkek Botken viloyatining Dostuk va Paski-Arik qishloqlari, shuningdek, O‘sh viloyatining Teshik-Tosh, Karamik va Karool-Dobo qishloqlaridagi hamda Botken viloyatining Tort-Kocho manzilgohidagi qirg‘iz harbiylari va chegarachilari pozitsiyalari tojik harbiylari tomonidan o‘qqa tutilgani haqida xabar bergandi.

Dushanbe Qirg‘iziston chegaraga qo‘shimcha harbiy kuchlarni joylashtirib, pozitsiyalarini mustahkamlayotgani, bu esa “qirg‘iz harbiy xizmatchialri vaziyatni beqarorlashtirish uchun navbatdagi provokatsion harakatlarga tayyorlanayotganidan darak berishi”ni qayd etgandi.

Qirg‘iziston 24 kishi halok bo‘lib, yuzdan ortiq odam yaralanganini ma’lum qilgandi. Tojikiston qurbonlar haqida rasmiy raqamlarni keltirib o‘tmadi, biroq tinch aholi vakillari halok bo‘lganini bildirdi. Mahalliy Asia Plus portal manbalari tojikistonlik bir chegarachi halok bo‘lgani, yana uch nafar harbiy yaralanganini ma’lum qildi.

Avvalroq Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvga erishilganidan keyin bir yarim soat o‘tib, Qirg‘iziston Tojikiston aholi punktlarini barcha turdagi og‘ir qurol-yarog‘lar bilan o‘qqa tutishni qayta boshlaganini ma’lum qilgandi.

Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 kilometrga yetadi. Biroq mamlakatlar SSSR tarqalib ketganidan keyin haligacha uni demarkatsiya qilish bo‘yicha jarayonlarni yakunlagani yo‘q — ularda 970 kilometr chegaraning 460 kilometri bo‘yicha kelishuvlar yo‘q. Shu sababli ular vaqti-vaqti bilan qaysidir hudud bo‘yicha o‘z noroziliklarini ifodalab turadi, mahalliy aholi ziddiyatlarga kirishadi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegarada vaziyat 14-sentabr kuni ertalab keskinlashdi. Qirg‘iziston tomoni Tojikiston chegarachilari mamlakatning Botken tumaniga bostirib kirganini, tojik tomoni esa Isfara tumanida chegarachilar o‘qqa tutilganini ma’lum qildi.

Chegarada shiddatli janglar 16-sentabrga o‘tar kechasi yuz berdi. Shu kuni ertalab Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari Emomali Rahmon va Sadir Japarov o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishib oldi, biroq sal keyinroq tomonlar bir-birini bitimni buzishda aybladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Lenin bilan uchrashgan Gerbert Uells, arab davlatlari va Isroil o‘rtasidagi “Oxirzamon urushi” va rus generalining harbiy gospitaldan quvilishi. Kun xronologiyasid...
Dunyo
Ramzan Qodirovga general-polkovnik unvoni berildi
Mahalliy
O‘zbekistonda 8 ta yangi yo‘nalishda temiryo‘l qatnovlari tashkil etilib, 34 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilinadi