Hindistonning Chennai shahri mezbonligida o‘tayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 8-avgust kungi bahslari yakunlandi.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 10-tur doirasida Hindiston-2 ga qarshi dona surdi va 2:2 hisobidagi durang natija qayd etdi. Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov o‘z partiyalarini durang natija bilan yakunladi. Javohir Sindorov mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov kuchli raqib ustidan g‘alaba qozondi.
Qayd etish kerak, Abdusattorov qiyin vaziyatda bo‘la turib, yakunda g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uning raqibi Gukesh mazkur musobaqa doirasida bunga qadar 8 ta o‘yinni g‘alaba bilan yakunlagan va bitta durang qayd etgandi.
Mazkur natijadan keyin O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 17 ochko bilan umumiy reytingda peshqadamlar qatorida bormoqda. 9-avgust kuni so‘nggi tur bahslari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonning raqibi keyinroq ma’lum bo‘ladi.
Avvalroq prezident qaroriga ko‘ra, Butunjahon shaxmat Olimpiadasi sovrindorlari katta pul mukofotiga ega bo‘lishi xabar qilingandi.