PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev “Paxtakor” va “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi bahsdan so‘ng (2:2) yuzaga kelgan muhokamalarga o‘z munosabatini bildirdi.
Superliga doirasida kechgan o‘yindan keyin klub matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda uchrashuvdagi hakamlik borasida keskin fikr bildirgan.
Diyor Imomxo‘jayev “sherlar” matbuot xizmati o‘z sahifasida bayon qilgan fikrlari uchun jarimaga tortilishini ma’lum qildi. Shuningdek, PFL direktori bungacha ham klub matbuot matbuot kotibining ishi ikki marta Tartib-intizom qo‘mitasida ko‘rib chiqilgani ham bunga asos bo‘lishini ta’kidlagan.
“‘Paxtakor’ matbuot xizmati 14 ta klub orasida eng yaxshisi. Ammo bu holat ularga etika normalaridan chetga chiqish vakolatini bermaydi”, — deydi Diyor Imomxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, Superliga qoldirilgan 11-tur o‘yinining 52-daqiqasida hakam “Paxtakor” futbolchisi Odil Hamrobekovga qizil kartochka ko‘rsatib, maydondan chetlatdi. O‘yin oxirida esa “sherlar” futbolchisi o‘z jarima maydonida qo‘l bilan o‘ynadi deb topdi va VAR’ga murojaat qildi. Natijada toshkentliklar darvozasi tomon penalti belgilandi. “So‘g‘diyona” ushbu standart vaziyatni golga aylantirib, durang natijaga erishdi.