Keyingi paytlarda ijodkorlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali san’atdan ketganligini ma’lum qilishi yangilik bo‘lmay qoldi. Jumladan, san’atni butunlay tark etib, o‘zini boshqa sohada sinayotganlar, ayollar orasida esa oilasiga bag‘ishlayotganlar juda ko‘p. Ammo ular orasida fikridan qaytganlar ham yo‘q emas.
Jahongir Otajonov san’atni tark etgani uzoqqa cho‘zilmadi
Jahongir Otajonov 2020-yilning dekabr oyida Instagram orqali san’atni butunlay tark etganini ma’lum qilgandi.
“Assalomu alaykum, aziz do‘stlar, mana va nihoyat, Allohni irodasi bilan o‘zimni bir-ikki yildan beri qiynab kelayotgan savollarga ushbu daqiqalarda javob topdim, deb o‘ylayman. Inshalloh, o‘zim yaxshi ko‘rgan, meni shuncha darajaga yetkazgan, xalqimiz orasida ozmi-ko‘pmi obro‘-e’tibor qozonishimga sababchi bo‘lgan musiqachilik kasbimdan Alloh uchun shariatimizga to‘g‘ri kelmagani uchun voz kechishga jur’at qildim.
Hammalaringga kattakon rahmat, yillar davomida meni olqishlab, qo‘shiqlarimni eshitib, shunchalik hurmat-e’tibor qilganinglar uchun, hammalaringdan Alloh rozi bo‘lsin! Va shu qatorda mendan xafa bo‘lgan, sahna ishlarimdan norozi bo‘lgan do‘stlarimizga, yurtdoshlarimizga ham sog‘lik-salomatlik tilayman, mendan rozi bo‘lishliklarini so‘rab qolaman, Alloh barchadan rozi bo‘lsin. Bugundan boshlab menga musiqachilik kasbim bo‘yicha murojaat qilmanglar, 1-yanvargacha olingan to‘y va konsertlarimiz bor, oldindan olingan ‘zaklad’larni bemalol murojaat qilib qaytarib olishinglar mumkin. Men u sahnalarda ishtirok eta olmayman, Alloh menga bu kasb bilan vidolashishlikni nasib qildi. O‘zi xayrli qilgan bo‘lsin, barchanglarga ikki dunyo saodatini bersin. Muxlislarimdan bir iltimosim bor, sizlardan iltimos, mening musiqalarimni YouTube’dan o‘chirib tashlashni so‘rayman. Zotan, musiqa shariatda nomaqbul hisoblanarkan, sizlarning ham gunohkor bo‘lishinglarga sababchi bo‘lishni xohlamayman. Sog‘-salomat bo‘linglar!”
Ammo xonandaning bu qarori uzoq vaqtga cho‘zilmadi. U san’atni tark etganidan 6 oy o‘tib, “G‘iybatchilarga” nomli qo‘shiqni yaratganini ma’lum qildi. Bu premyeradan so‘ng Instagram sahifasiga to‘y-xizmatlarida avvalgidek jonbozlik ko‘rsatayotgani haqidagi videolarni joyladi.
Uning san’atni tark etishi, prezidentlik sayloviga nomzodini qo‘ymoqchi ekanligi va yana ijodga qaytgani bilan bog‘liq kutilmagan qarorlari uzoq vaqt muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Dildora Niyozovaning turmush o‘rtog‘i ayolining san’atdan ketishini istagandi
Dildora Niyozovaning turmush o‘rtog‘i Latifjon Yunusov Instagram sahifasiga video joylab, rafiqasining to‘liq islom yo‘lini tanlagani, endilikda to‘y xizmatlarida ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi.
“Assalomu alaykum, Dildora Niyozovaning kuzatuvchilari. Bugundan boshlab, ayolim haqiqiy islom yo‘lini tanlagani uchun to‘ylarga chiqmaslikka qaror qildi. Iltimos, kim biz bilan bog‘lanib, to‘y kunini belgilagan bo‘lsa, aloqaga chiqsin ‘zaklad’ pullarini qaytarib berishga majburmiz. Bugundan boshlab Dildoraxonim Niyozova to‘ylarga chiqmaydi. Uyda bola-chaqa tarbiyasi bilan shug‘ullanishga qaror qildi”, — deydi Latifjon Yunusov.
Ammo oradan bir kun o‘tib, Dildora Niyozova Instagram sahifasida aloqaga chiqib, turmush o‘rtog‘ining so‘zlarini inkor qildi hamda “zaklad” olingan to‘ylarga xizmatga borishini ma’lum qildi.
“Bir kunda bunchalik mashhur bo‘lib ketaman, deb o‘ylamagandim. Avvalambor, barchadan uzr so‘rayman. Meni niyat qilib to‘ylariga taklif etgan insonlar bor.
Ertalab turib telefonimga qarasam, hamma yerda ‘Dildora Niyozova san’atdan ketibdi’, degan shov-shuv tarqalibdi. Har bir oilaning o‘ziga yarasha siri, sinovi bo‘ladi. Alloh suygan bandasiga sinov beradi. Alhamdulillah, suygan bandasi ekanmizki, boshimizga ozgina sinov tushdi. Yaratgan sinovni ham bandasining yaxshi ko‘rgani bilan berar ekan. Turmush o‘rtog‘im bilan biroz kelishmovchilikka bordik. O‘zi bunday hol har bir oilada bo‘lib turadi. Kamchiliklarni uyning to‘rt devori berkitib turadi. Bunday ish bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Chunki oramizdan ozgina gap qochgandi, xolos.
Erkaklarga hamisha aytaman, rashkning ham o‘z o‘rni bor. Bu besh kunlik dunyoda bir-birimizni qadrlaylik. Inson yaxshi ko‘rib ham, kimgadir ozor berib qo‘yishi mumkin. Turmush o‘rtog‘im qattiqqo‘l, aytganini qildiradigan yaxshi inson. Haq yo‘lini tanlaganimdan keyin turmush o‘rtog‘imga yanada itoat qilishga harakat qilyapman.
To‘g‘risi, videoni ko‘rib, hayron qoldim. Jahlda chiqib ketib, Instagram’ga shu videoni qo‘yibdi. ‘Bu ishni bekor qilibsiz’, deganimdan keyin yanada ko‘proq jahli chiqdi. Mayli, hammasi xayrli yakun topsin.
Turmush o‘rtog‘im har doim ‘Ro‘mol o‘rading, bu yo‘limiz xato emasmikan? Allohdan nimaniki so‘ragan bo‘lsak, hammasini berdi’ , deb tushuntirardi. Haqiqatan ham turmush o‘rtog‘im uyimni uy qilgan.
Yaxshi er — xotinning omadi, yoki aksincha. Bolalarimning otasiga hech qachon yomonlikni ravo ko‘rmayman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar turmush o‘rtog‘imni hurmat qilaman. Shu bilan birga, uni yaxshi ko‘raman. U inson meni va san’atimni hurmat qiladi. Videoni rashk tufayli qo‘ydimi, bilmadim, hayratdaman.
Xudo xohlasa, olingan xizmatlarga borish kerakligini turmush o‘rtog‘imga tushuntiraman. Hammasi xayrli yakun topishini so‘rayman. Har bir ayol o‘z jufti bilan baxtli bo‘lsin. Bitta oilaga darz ketsa, Arshi a’lo zirillar ekan. U yerga Allohning qahri yog‘ilar ekan. Shuning uchun oilalarimiz tinch bo‘lishi uchun harakat qilaylik. Hammamiz bandamiz, gohida biz ayollar ham tilimizni tiyolmay qolamiz. Men san’atimni juda ham yaxshi ko‘raman, muxlislarim yo‘llayotgan fikrlardan kuch olaman. Ilohim, hamisha kerakli inson qilsin. Nashidalar kuylash nasib qilsin. Turmush o‘rtog‘im ‘Alloh seni sevarkanki, xalq seni qadrlaydi’, deb ko‘p ta’kidlaydi. Nega bu videoni chiqarganliklarini esa haligacha tushunmayapman.
Faqat noto‘g‘ri xayolga bormasliklaringizni so‘rayman. Hayotda kunning tuni, oqning qorasi bor. Alloh hayotimizga yaxshiliklarni ziyodasi bilan bersin. Nasib qilsa, olingan xizmatlarga borishga harakat qilamiz. Men hammadan uzr so‘rayman”, — deydi Dildora Niyozova o‘z murojaatida.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Latifjon Yusupovning hamda Dildora Niyozovaning videomurojaatlari Instagram’dan o‘chirildi. Ayni kunlarda Dildora Niyozova to‘y-xizmatlaridagi faollikni qo‘ldan boy berayotgani yo‘q. Ammo hozircha turmush o‘rtog‘i nega ijodiga qat’iy qarshi bo‘lganini ochiqlagani yo‘q.
Shohrux Isamuhammedov: “Bu yog‘iga ijodni to‘xtatmayman”
“Ummon” guruhi a’zosi Shohrux Isamuhammedov 2020-yilning noyabr oyida Instagram sahifasi orqali Alloh roziligi uchun san’atni tark etganini ma’lum qilgandi.
“Bu yo‘lni tark etdim. Alloh rozi bo‘lsin hammadan. Alloh qilgan gunohlarimizni, shuncha qilgan yomon ishlarimizni kechirsin. Bu soha bilan mashg‘ul bo‘lmoqchi bo‘lgan odamlarga shu narsani ta’kidlab o‘tmoqchiman: bu yo‘l yaxshi emas. Shu yo‘lda 12 yildan beri yurgan bo‘lsam, shunchaki halovatingizni yo‘qotasiz. Chiqasiz, mashhur bo‘lasiz. Hamma sizni olqishlaydi. Bandasi sizni qarsak chalib kutib oladi. Lekin bandasi uchun emas, Alloh uchun harakat qilish kerak ekan inson. Shu narsani dilimga tuggan edim. Xudodan so‘rardim, hidoyatingni ber, shu yo‘ldan chiqib ketay, shu yo‘lni tark etay, deb so‘rardim. Har kuni kechasi uyga qaytayotganimda o‘zimga o‘zim savol berardim: ‘Qachon bu yo‘lni tark etaman, nima qilyapman bu yo‘lda, maqsadim nima?’, deb. Bu qarorni kecha qabul qildim. Sardor aka Rahimxon, Alloh rozi bo‘lsin, sababchi bo‘lib qoldilar”, — degandi Shohrux Iasmuhammedov.
Ayni kunda xonanda kompyuter o‘yinlari xizmatini yo‘lga qo‘ydi. U ochilish marosimida YouTube’dagi “Shok.uz” kanaliga intervyu berib, kelgusidagi rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Ijodga avvalgi emas, boshqa yo‘lda qaytaman. Odamlarga ibrat bo‘ladigan qo‘shiqlar ijro etaman. Ozgina ishlar bilan band bo‘lib qolib, ijodga e’tibor berolmay qoldim. Nasib qilsa, bu yog‘iga ijodni to‘xtatmayman”, — dedi Shohrux Isamuhammedov.
Shohsanam Otayeva 10 yildan so‘ng san’atga qaytdi
Xorazmcha “Shaqildoq” qo‘shig‘i bilan muxlislar qalbidan joy olgan xonanda Shohsanam Otayeva 2009-yilda turmush o‘rtog‘ining talabi bilan san’atdan ketganligini ma’lum qilgandi.
“Turmush o‘rtog‘im rashkchi, qo‘shiq kuylashimni istamayapti. Shu bois bor e’tiborimni ikkinchi kasbim — tadbirkorlikka qaratmoqchiman”, — degandi Shohsanam Otayeva.Xonanda ijodni tark etgach, 10 yil qimmatbaho oqshom liboslarining savdosi bilan shug‘ullandi. 2019-yili esa yangicha imijda “Jonim”, “Yuragim pora” va “Qizil olma” (Yulduz Usmonovaning qo‘shig‘i) qo‘shig‘i bilan faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilgandi. Afsuski, bir-ikki qo‘shig‘idan keyin faoliyatida yana jimlik boshlandi.
Muzaffar Sa’dullayev: “Bu oxirgi qarorim: kinoni tark etaman”
“Osmondagi bolalar” filmidagi Hamdam roli bilan tanilgan aktyor Muzaffar Sa’dullayev ham ko‘plab intervyularida san’atni tark etgani va temirchilik sohasida ishlayotganini ma’lum qilgandi. Ammo u aktyor va kinoprodyuserlik sohasini tark etgani yo‘q.
“To‘g‘ri, bir necha marta kinodan ketdim, dedim. Ammo chala qolgan ishlarim sabab yana bu sohaga qaytishimga to‘g‘ri keldi. Men aktyorlikdan tashqari kartina direktori, prodyuser sifatida ham faoliyat yuritaman. Hozirda ‘Inson’ kinostudiyasi tomonidan davlat buyurtmasiga ko‘ra ikkita film suratga olinyapti. Uni topshirgach, kino sohasini butunlay tark etaman. Bu oxirgi qarorim”, — deydi Muzaffar Sa’dullayev.
Mavzuga doir:
- “Boshqa yo‘nalishlarda rivojlanmoqchiman”. Durdona Qurbonova san’atni tark etishini ma’lum qildi (video)
- Dildora Niyozovaning turmush o‘rtog‘i uning san’atni butunlay tark etgani hamda to‘ylarga chiqmasligini ma’lum qildi. Xonandaning o‘zi bu gaplarni inkor etdi (video)
- Shou-biznesni tark etgan “Ummon”chi Shohrux shou-biznesdan ketganlar va Jahongir Otajonov haqida gapirayotganlarga munosabat bildirdi (video)