Faoliyatini so‘nggi yillarini o‘tkazayotgan mashhur futbolchilar moliyaviy yaxshi taklif va turli loyihalar sabab ko‘p hollarda xorij mamlakatlariga yo‘l oladi. Ayniqsa, arab ligalari azaldan mashhur nomlarni o‘ziga jalb qilishni odat tusiga kiritgan. Quyidagi o‘z faoliyat yo‘lini arab mamlakatlari bilan bog‘lagan futbolchilar haqida so‘z boradi.
Xavi (“As-Sadd”, Qatar)
Xavi 2015-yilda “Barselona”ni tark etgandan keyin Qatar klubi safiga yo‘l oladi. 2019-yilda esa u jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanadi. U “As-Sadd”da yiliga 10 million yevro maosh olishi haqida xabarlar yangragandi.
Santi Kasorla (“As-Sadd”, Qatar)
2020-yildan buyon Kasorla Qatarda to‘p suradi. U Xavi qo‘l ostida o‘ynashga ham ulgurgan. OAVda uning maoshi haqida ma’lumot tarqalmagan.
Raul Gonsales (“As-Sadd”, Qatar)
2012-yildan 2014-yilga qadar Raul “As-Sadd”da o‘ynagan va klub bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. Faoliyatining so‘nggi yillarida u yiliga 6 million yevro maosh olgan.
Mario Manjukich (“Ad-Duhayl”, Qatar)
2019-yilda xorvatiyalik futbolchi A Seriyadan Qatar chempionatiga yo‘l olgan. U yarim yilni “Ad-Duhayl”da o‘tkazdi, aynan o‘sha vaqtda pandemiya boshlanib qoldi. Shartnoma bo‘yicha Marioning maoshi yiliga 7,5 million yevroni tashkil qilgan.
Sebastyan Jovinko (“Al-Hilol”, Saudiya Arabistoni)
Arab diyoriga yo‘l olishdan oldin Jovinko uch yil Kanadada ham to‘p surib kelgandi. “Al-Hilol” safida 2019—2021-yillar mobaynida tzo‘p surdi. OAVga ko‘ra, uning yillik maoshi 10 million yevro atrofida bo‘lgan.
Fabio Kannavaro (“Al-Ahli”, BAA)
Italiyalik himoyachi 2010—2011-yillarda BAAda to‘p tepgan. “Al-Ahli” bilan shartnoma ikki yillik edi, biroq u dastlabki mavsumda tizzasidagi jarohat sabab faoliyatini yakunlagan. Ketish arafasida Fabio yiliga 5 million yevro maosh olgan.
Xosep Gvardiola (“Al-Ahli”, Qatar)
Gvardiola ham “Al-Ahli”da to‘p surgan, faqat Qatarnikida. Pep o‘zini Yevropa darajasidagi o‘yinchi sifatida hisoblamaydi va sharq tomon yo‘l oladi. 2003—2005-yillarda uning maoshi yiliga 2 million yevrodan oshiq edi.
Xames Rodirges (“Ar-Rayyon”, Qatar)
2021-yilda “Everton” bilan tortishib qolgan Xames “tumanli Albion”ni tark etib, Qatarga keladi. Ayni vaqtda ham “Ar-Rayyon” sharafini himoya qilayotgan futbolchining maoshi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.