“Barselona” vakillari Lionel Messini ortga qaytarish borasida hech kim bilan aloqaga chiqmagan.
Avvalroq kataloniyaliklar Messini 2023-yilda ortga qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshlagani xabar qilingandi. Mazkur xabarni “PSJ” hujumchisining atrofidagilar rad etdi.
“Laporta Lionel Messining atrofidagi hech kim bilan aloqaga chiqmadi, biz ham u bilan bog‘lanmadik. Kimdir boshqacha ma’lumot berayotgan bo‘lsa, u yolg‘on gapirmoqda”, — deya argentinalikka yaqin odamlarning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Mundo Deportivo nashri.
RMC Sport jurnalisti Loik Tanzi Messi “Barselona”dan ketganidan beri u va uning vakillari bilan hech kim aloqaga chiqmaganligini ta’kidlamoqda.
Argentinalik hujumchi “PSJ”ning yangi mavsumdagi dastlabki ikki o‘yinida 3 ta gol bitta golli uzatmaga mualliflik qildi.