O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Sardor Uktamovich Umurzoqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimidan ozod etildi.
Sardor Umurzoqov 1977-yil 23-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. 1994-1998-yillarda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining “Xalqaro moliya va bank ishi» fakultetida oliy ta’lim olgan. Bakalavr diplomini olgandan so‘ng,1998-1999-yillarda Reding universitetida (Buyuk Britaniya) o‘qib, “Bank ishi» ixtisosligi bo‘yicha magistr darajasini olgan.
2000—2003-yillar bank sohasida mehnat faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida 2-toifali mutaxassis sifatida boshlagan. Biroz vaqt o‘tgach, u 1-toifali mutaxassis, so‘ngra — yetakchi mutaxassis va keyinchalik — Investitsiyalarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Samarqand bo‘limi boshqaruvchisining o‘rinbosari etib tayinlangan.
2004-yildan 2007-yilgacha Londonda yashab, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining moliyaviy institutlari biznes guruhining katta bankiri lavozimida ishlagan. Buyuk Britaniyadan qaytgach, 2007-yildan 2013-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida rahbarlik lavozimlarni egallagan: Toshkent shahar G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, so‘ngra — boshlig‘i, keyinchalik — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
2014-yildan 2017-yilgacha — “O‘zbekcharmpoyabzal” uyushmasi raisining maslahatchisi. Keyinchalik (2017—2018-yillarda) ushbu uyushmaning Boshqaruvi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. So‘ngra, 2018—2019-yillarda “O‘zbekcharmpoyabzal” uyushmasi qayta tashkil etilishi natijasida yangidan tuzilgan “O‘zcharmsanoat” uyushmasining raisi lavozimida ishlagan.
2019-yil 28-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Sardor Umurzoqov O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangan edi.
Izoh (0)