Dunyodagi eng yirik mehmonxona operatori Accor Hyper kompaniyalar guruhi bilan O‘zbekistonda uchta premium mehmonxona ochadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ular mavjud mehmonxonalar rebrendingi va renovatsiyasidan so‘ng Samarqandda Movenpick Samarkand, Toshkentda Swissotel Tashkent, shuningdek, Toshkent viloyatining Navobod qishlog‘ida yangi Swissotel Charvak nomlari ostida ochiladi.
Kelgusi yillarda ochilishi rejalashtirilgan ushbu uchta mehmonxonaning umumiy xonalari soni 500 dan ortiq bo‘lishi rejalashtirilgan.
Ushbu uchta yangi loyihaning imzolanishi bilan biz O‘zbekiston mehmonxona bozoridagi o‘z o‘rnimizni sezilarli darajada mustahkamlaymiz va bu mamlakatda Shveysariya ikkita yangi brendi — Swissotel va Movenpick’ni joriy qilamiz, — deydi Accor New East Europe bosh direktori Aleksis Delaroff.
Movenpick Samarkand
U to‘rt yulduzli Registon Plaza mehmonxonasini ta’mirlash va rebrendingidan so‘ng ochiladi.
Yetti qavatli Movenpick Samarkand mehmonxonasi turli toifadagi 165 ta xonadan tashkil topgan bo‘lib, u 2022-yil oxirida ochilishi rejalashtirilgan.
Swissotel Tashkent
U besh yulduzli Miran International mehmonxonasi ta’mirlanishi va rebrendingidan so‘ng ochiladi.
Ushbu mehmonxona 173 ta xonadan iborat bo‘lib, oilaviy sayohatlar va do‘stlar bilan dam olish uchun juda mos keladi.
Besh yulduzli Swissotel Tashkent 2023-yilning uchinchi choragida ochilishi rejalashtirilgan.
Swissotel Charvak
U Toshkent viloyati Navobod qishlog‘ining kurort hududida, sun’iy Chorvoq ko‘li va uning qumli plyaji yaqinida, dengiz sathidan 575 metr balandlikda barpo etiladi.
Swissotel Charvak 206 ta xona va kurort majmuasi, fitnes markazi va uchta basseyndan iborat bo‘ladi. Mehmonxona infratuzilmasi, shuningdek, ikkita gastronomik restoran, bar, maxsus tadbirlar uchun banket zali va bir nechta yig‘ilish xonalarini o‘z ichiga oladi.
Swissotel Charvak’ning ochilishi 2024-yilga mo‘ljallangan.
Accor — dunyodagi eng yirik xalqaro mehmonxona operatori. Kompaniya 1967-yilda tashkil etilgan. 110 ta mamlakatda 5300 ta mehmonxona va 10 000 ta restoran, kafe va barlarni birlashtiradi.
Avvalroq dunyodagi eng yirik mehmonxona operatori O‘zbekiston bozoriga kirgani haqida xabar berilgandi.