Rossiyadagi smartfon, noutbuk va boshqa elektronika vositalarini ta’mirlovchi texnik servis markazlari butlovchi qismlar yetishmasligi sababli ehtiyot qismlari uchun yangi gadjetlarni demontaj qilishga va ishlatilgan qurilmalar qismlaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda bir qancha manbalarga tayanib, “Kommersant” nashri xabar beryapti.
“Chet eldan olib kelish mumkin bo‘lmagan kerakli qismlarni biz boshqa mahsulotlarni demontaj qilish orqali kompensatsiya qilishga harakat qilamiz”, — deydi nashrga intervyu bergan Acer kompaniyasining Rossiyadagi bosh direktori Dmitriy Kravchenko.
Uning qo‘shimcha qilishicha, avvallari ta’mirlash ishlarining 90 foizga yaqini besh ish kuni ichida tugallangan bo‘lsa, endi bu muddat butlovchi qismlarning topilishiga qarab uzayishi mumkin.
“Kommersant” suhbatdoshlariga ko‘ra, Rossiya parallel import doirasida import qilingan uskunalarni sotishni boshlagani ham ta’mirlash ishlarini murakkablashtirmoqda. Bunday holda, ishlab chiqaruvchi xizmat ko‘rsatish xarajatlarini o‘z zimmasiga olmaydi — bu mas’uliyat distribyutorlarga o‘tkaziladi.
Mahsulotlarning kafolat muddati ham uzaytirilishi mumkin. Rossiyaga parallel ravishda olib kirish uchun mo‘ljallangan elektronika YII davlatlaridan birida (masalan, Qozog‘iston yoki Qirg‘izistonda) ro‘yxatdan o‘tgan va kafolat xizmati ham aynan ushbu mamlakatlarda amalga oshirilishi kerak bo‘ladi.
Izoh (0)