Moskva viloyatining Ximki shahar sudi amerikalik sobiq diplomat Mark Fogelni giyohvand moddalar kontrabandasida ayblb, 14 yilga og‘ir rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Bu haqda sud matbuot xizmatiga tayanib, Meduza xabar berdi.
Fogel giyohvand moddalar kontrabandasi hamda giyohvand moddalarni katta miqdorda qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish, tayyorlash, qayta ishlash moddalari bilan aybdor deb topildi. Sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, AQSH fuqarosi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
AQSHning Moskvadagi elchixonasi sobiq xodimi, Angliya-Amerika maktabi o‘qituvchisi Mark Fogel 2021-yilning avgustida rafiqasi bilan Nyu-Yorkdan Moskvaga uchib kelgan payt Sheremetyevo aeroportida qo‘lga olingan edi. Bojxona tekshiruvi chog‘ida amerikalikning yukidan kannabis va gashish yog‘i topildi, deb xabar qilgandi Rossiya IIV.
Fogelning o‘zi tergov izolyatoriga uni ko‘rgani kelgan huquq himoyachilariga 17 gramm marixuana olib yurgani uchun hibsga olinganini aytgan. Amerikalikning ta’kidlashicha, gap umurtqa pog‘onasi operatsiyasidan so‘ng AQSHdagi shifokor tomonidan unga buyurilgan tibbiy marixuana haqida ketmoqda.
Izoh (0)