Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyatida noqonuniy valyuta ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura departamenti, IIB, Milliy gvardiyaning Ishtixon tuman bo‘limlari hamda DXXning Qo‘shrabot tumani bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida fuqaro A.T. 5 ming dollarni fuqaro N.ga 55,5 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departament hamda IIBning Nukus tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.S. ismli shaxs 2,8 ming dollarni 31,2 million so‘mga fuqaro S.ga sotgan vaqtida ushlangan. Tadbir davomida uning yonidan jami 3 ming dollar, 34,8 ming Rossiya rubli, 10 yevro, 100 BAA dinori, 5 turk lirasi va 1,2 million so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.
Yuqoridagi fuqarolarning harakatlari bo‘yicha olib borilgan tezkor kuzatuvlarda ular doimiy ravishda valyuta qimmatliklarini qonunga zid ravishda ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177˗moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov haraktalari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkentlik erkak do‘koni yonida noqonuniy valyuta sotayotgan shaxslar ustidan IIVga shikoyat qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.