1-iyundan boshlab O‘zbekistonda g‘allani erkinlashtirish jarayoni boshlandi. Endi davlat g‘allani bozor narxida sotib oladi, fermerlar esa uni birjada sotishi mumkin.
Xuddi shunday yondashuv dunyodagi eng yirik g‘alla ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi rivojlangan mamlakatlarda qo‘llaniladi.
AQSH va Kanada tajribasi
Bu mamlakatlarda davlat har doim g‘allani bozor narxlarida sotib olgan.
Bozor asosini yirik fermer xo‘jaliklari tashkil etadi, davlatning ishtiroki esa minimal — fermer bug‘doy yetishtirib, xususiy shaxslarga tegishli va ular tomonidan boshqarilgan mahalliy tayyorlash omborlarga yetkazib beradi.
Ba’zi omborlar yirik kompaniyalariga tegishli bo‘lib, ular uchun eksport zanjirining birinchi bo‘g‘ini hisoblanadi.
Tayyorlash omborlarning asosiy vazifasi — bug‘doy ishlab chiqaruvchilardan g‘alla yig‘ish va sotib olishdir. Bu yerdan g‘alla markaziy omborlariga jo‘natiladi.
Ulardan eng yiriklari Kanzas-Siti, Minneapolis, Chikago, Buffalo va Portlend shaharlarida joylashgan. Ushbu omborlarning ba’zilarida 1 million tonnadan ortiq bug‘doy saqlanadi.
Markaziy omborlarning asosiy vazifasi — g‘allani sifatini yo‘qotmasdan saqlash va xaridorlarga ularning talablariga muvofiq jo‘natishdir. Bu yerdan g‘alla ichki va tashqi bozorga chiqariladi.
Narxni kim va qanday belgilaydi?
Bozor. Fermerlar bug‘doy yetishtirib, mahalliy omborlarga yetkazib beradi.
Bu yerda g‘alla tortiladi, sifatini baholash va davlat standartlari bo‘yicha sinfini aniqlash uchun namunalar olinadi. Bunda namlik va oqsil miqdori hisobga olinadi.
Fermerlar g‘allani birjada sotadi. Bunda ikkita bozor mavjud — tovar va fyuchers.
Birinchisida mahsulot darhol xaridorga yuboriladi. Ikkinchida shartlar savdo-sanoat palatasi tomonidan belgilanadi, xaridor va sotuvchi bir necha oydan so‘ng miqdor va yetkazib berish bo‘yicha kelishib olish uchun uchrashadilar.
Asosiy birjalar Chikagoda (Chicago Board of Trade), Kanzas Sitida (Kansas City Board of Trade) va Minneapolisda (Minneapolis Grain Exchang) joylashgan.
Natija qanday?
Ushbu yondashuv tufayli AQSH g‘alla eksportida ikkinchi, Kanada esa uchinchi o‘rinda turadi. Har ikki davlat bug‘doy yetishtirish va hosildorlik bo‘yicha yetakchilar qatorida.
Masalan, AQSHda 2021-yilda 50 million tonna bug‘doy yetishtirilgan, shundan 27 million tonnasi eksport qilingan.
Kanada 35 million tonna bug‘doy yetishtirdi, shundan 26 million tonnasi boshqa mamlakatlarga sotilgan.
G‘alla eksporti bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan Rossiya ham bozorni 1990-yillarda erkinlashtirib, shu yondashuvni qo‘llashni boshladi.
Hozir mamlakatda yiliga 80-90 million tonna g‘alla yetishtiriladi, shundan 30-40 millioni boshqa davlatlarga yetkazib berilmoqda.
Bozor munosabatlariga o‘tish Rossiyaga g‘alla eksporti bo‘yicha dunyoda birinchi, ishlab chiqarish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallash imkonini berdi.
Natijada avvallari yirik importyor bo‘lgan mamlakat hozir g‘alla yetakchisiga aylangan.