Ko‘ksaroyda 2-iyun kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, unda Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon shohsupaga ko‘tarilgan. O‘zbekiston va Tojikiston davlat madhiyalari yangragan. Faxriy qorovul davlat rahbarlari oldidan tantanali yurib o‘tgan.
Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari ham ishtirok etgan.
Ayni paytda davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tmoqda.
31-may kuni Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon joriy yil 2—3-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lishi haqida xabar berildi.
Emomali Rahmon 2-iyun kuni ertalab Toshkentga yetib keldi. U yo‘lovchi reyslarini bajaruvchi samolyotdan foydalangan. “Sputnik Tojikiston”ning qayd etishicha, Tojikiston rahbari budjet pullarini iqtisod qilish uchun shaxsiy samolyot sotib olishni istamagan.
Toshkent xalqaro aeroportida uni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib olgan. Yetakchilar o‘rtasida qisqa suhbat bo‘lib o‘tgan.
Izoh (0)