Kiyevning “Dinamo” klubi va O‘zbekiston terma jamoasi sobiq hujumchisi Maksim Shatskix “Paxtakor” klubida ish boshlaydi. Bu haqda “sherlar” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shatskix 29-may kuni Toshkentga yetib kelgan. “Paxtakor”ning ma’lum qilishicha, Maksim klub boshqaruv tizimidagi lavozimlardan birini egallaydi.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Shatskix futbolchilik faoliyatini O‘zbekistondan tashqarida o‘tkazgan. U “Dinamo Kiyev” (1999—2009), “Arsenal Kiyev” (2010—2012, 2013) va boshqa qator klublarda to‘p surgan. 1999—2014-yillar mobaynida O‘zbekiston milliy terma jamoasida harakat qilgan.
2016-yilda butsilarini mixga ilgan Shatskix “Dinamo Kiyev”da murabbiy yordamchisi sifatida ish boshladi. 2019-yilda Rossiyaning “Rotor” klubi bosh murabbiyiga assistent bo‘ldi va 2021-yildan u yerdan ketganidan beri ishsiz yurgandi.
Izoh (0)