Namanganda 14 yoshli bola tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda IIV YHXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 20-may kuni soat 14:45 larda Kosonsoy tumani “Kushon” MFY, Hurriyat ko‘chasida 14 yoshli bola (tumandagi 5-sonli maktabning 7-sinf o‘quvchisi) “VAZ-2106” rusumli avtomobilda harakatlanayotib, boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lning o‘ng chetida ketayotgan piyoda X.B.ni (2008-yilda tug‘ilgan) urib yuborgan.
Avariya oqibatida piyoda X.B. og‘ir tan jarohatlari olgani sabab shifoxonada vafot etgan.
“Birovning mashinasini boshqardim. Oyog‘imdagi ‘bosonojka’ gazga tiqilib qoldi. Tormoz o‘rniga yana gazni bosib yubordim”, — degan voyaga yetmagan bola.
Mazkur YTH yuzasidan Kosonsoy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada Spark va Nexia-3 to‘qnashuvida haydovchilardan biri halok bo‘lgani, Sirdaryoda Lacetti va Nexia to‘qnashuvi oqibatida 5 kishi vafot etgani, Toshkent viloyatida “Jiguli” va Cobalt to‘qnashuvida ikki kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)