Floyd Meyvezer va Don Mur o‘rtasidagi jangning yangi sanasi ma’lum bo‘ldi
Beshta vazn divizionida sobiq Jahon chempioni Floyd Meyvezer va Don Mur o‘rtasidagi ko‘rgazmali jangning yangi sanasi e’lon qilindi.
45 yoshli Meyvezer va 42 yoshli Mur o‘rtasidagi bellashuv 14-may kuni Dubay shahrida o‘tkazilishi lozim edi. Ammo BAA prezidenti Xalifa ibn Zayd al-Nahayonning vafoti sabab, jang boshqa sanaga qoldirilgan edi.
Meyvezer o‘z Instagram sahifasida Mur bilan jang 21-may kuni o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Floyd ushbu jangdan 10 million dollar gonorar oladi. Shuningdek, pullik translyatsiyalar sotuvidan tushadigan 50% ulush ham bokschiga taqdim etiladi.
Mazkur boks kechasida, shuningdek, UFC sobiq chempioni Anderson Silva va Bruno Machado o‘rtasida ko‘rgazmali jang o‘tkaziladi.
Meyvezer 2021-yilning iyunida bloger Logan Polga qarshi ko‘rgazmali jangda ishtirok etgandi. Bellashuvda g‘olib nomi aniqlanmagandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!